9
KIRISH
Qurg‘oqchil mintaqada joylashgan O‘zbekiston sharoitida
qishloq xo‘jaligi suvni eng ko‘p iste’mol qiladigan soha
hisoblanadi. Mamlakat miqyosida mavjud suv resurslarining 90%
ga yaqini qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi uchun sarflanadi.
Oxirgi yillarda O‘zbekistonda davlat tomonidan qishloq xo‘jalik
ekinlarini sug‘orishda suv tejovchi sug‘orish
texnologiyalarni
keng joriy qilish asosida mavjud suv resurslaridan samarali
foydalanishga katta ahamiyat berilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil
10 iyuldagi PF-6024-son “O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jali-
gini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsep-
siyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra mamlakati-
mizda suv tejovchi sug‘orish texnologiyalari qo‘llanilayotgan
maydonlarni 2030 yilgacha 2 mln.
gektarga yetkazish, 2021 yil
24 fevraldagi PQ-5005-son “O‘zbekiston Respublikasida suv
resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning
2021-2023 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash
to‘g‘risida” gi Qaroriga ko‘ra tomchilatib sug‘orish
tizimi joriy
qilinadigan ekin maydonlarini jadal kengaytirish va 2023 yilda
800 ming gektargacha yetkazish vazifalari belgilangan.
Davlat rahbariyati darajasida olib borilayotgan keng qam-
rovli qo‘llab-quvvatlashlar natijasida so‘nggi yillarda mamlakati-
mizda suv resurslaridan samarali foydalanish asosida sug‘orila-
digan maydonlardan olinadigan hosil miqdorini oshirish va sifati-
ni yaxshilash orqali mamlakat aholisi turmush darajasini yuqori
pog‘onalarga ko‘tarish borasida samarali
ishlar amalga oshiril-
moqda.
Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini rivojlantirish va bar-
qarorligini ta’minlashning eng istiqbolli yo‘nalishlaridan biri bu
ekinlarini intensiv usulda yetishtirish,
bunda ekin parvarishi
uchun sarflanayotgan moddiy va moliyaviy resurslarning imkon
qadar yuqori samaradorligiga erishish sanaladi. Jumladan, ekin
parvarishida ishlatiladigan suv resurslaridan samarali foydala-
nishning eng to‘g‘ri yo‘li qo‘llanilayotgan sug‘orish usullarining
10
suv tejovchi texnologiyalarini keng qo‘llash hisoblanadi. Bu
o‘rinda bosimli sug‘orish
usullarining, xususan, ekinlarni sug‘o-
rishning tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlarini o‘rni
beqiyosdir.
Ekinlarni parvarishlashning suv tejovchi bosimli sug‘orish
usullarini qo‘llashda ko‘zlangan samaraga erishish uchun uni
tadbiq qiluvchi har bir qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchisi – suv
iste’molchisi suv tejovchi bosimli sug‘orish usullari to‘g‘risida
aniq tushunchalarga ega bo‘lishi va sug‘orish tizimlarini samarali
ishlashini ta’minlay olishlari lozim.
Suv tejovchi sug‘orish tizimlarini tadbiq qiluvchilar ushbu
sug‘orish tizimlari afzalliklarini bir yillik ekinlar parvarishida
birinchi yildayoq his qilishlari mumkin. Masalan,
paxta parvari-
shida suv tejovchi bosimli tomchilatib sug‘orish usulini qo‘llash
natijasida paxta hosilini ertaroq va bir vaqtda pishib yetilishining
o‘ziyoq nafaqat hosilning issiq kunlarda qiynalmasdan yig‘ish-
tirib olish, balki hosili erta yig‘ishtirib olingan dalada keyingi
tadbirlarni ham yorug‘ va quruq kunlarda hech qiyinchiliksiz
amalga oshirish imkoniyatlarini yaratadi.
Ushbu, “Suv tejovchi sug‘orish texnologiyalari” o‘quv
darsligi ham mamlakatimiz miqyosida suv tejovchi sug‘orish
texnologiyalarini qo‘llanishini rivojlantirishga yo‘naltirilgan
ishlarini amalga oshiruvchi mutaxassislarni tayyorlashda yaxshi
ko‘makchi bo‘ladi.
Darslikda qishloq xo‘jaligi ekinlarini
parvarishlashda suv-
ning ahamiyati, ekinlarni sug‘orishning an’anaviy usullari,
ekinlarni egatlab sug‘orishning suv tejovchi usullari, suv tejovchi
bosimli sug‘orish texnologiyalari,
shu jumladan tomchilatib,
yomg‘irlatib sug‘orish tizimlari, ularning tarkibiy qismlari,
tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlarini loyihalash,
qurish, ishlatish va ularga xizmat ko‘rsatish, yer ostidan sug‘orish
usuli, suv tejovchi sug‘orish usullari qo‘llanilayotgan sharoitlarda
amalga oshiriladigan agrotexnik tadbirlar, suv tejovchi sug‘orish
texnologiyalarini qo‘llanishini davlat tomonidan qo‘llab-
quvvatlanishi va kelajakda rivojlantirilishi masalalari yoritilgan.