|
Nizoli vaziyat yuzaga kelganida
|
bet | 79/143 | Sana | 13.05.2024 | Hajmi | 3,89 Mb. | | #229196 | Turi | Учебник |
Bog'liq Darslik tayyor 2024Nizoli vaziyat yuzaga kelganida (shubha uyg‘otuvchi shaxs nihoyatda tajovuzkor bo‘lib, bir daqiqadan so‘ng affektiv portlash kelib chiqishi mumkin bo‘lganida) nizoni so‘ndirishning eng oddiy usuli xodimlar e’tiborini atayin boshqa odamlarga ko‘chirishdir. Bunda shubha uyg‘otuvchi shaxsdan vaqtini yo‘qotgani uchun uzr so‘rash, suhbat uchun minnatdorchilik bildirish, biror narsani (masalan, qayergadir tashrif buyurishni) maslahat berish lozim. Bu shubha uyg‘otuvchi shaxsning stress holatini pasaytirish, uning hushyorligini kamaytirish va kutmagan paytida uni qo‘lga olish (zararsizlantirish) imkonini beradi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib shuni xulosa qilish mumkinki, guruhiy tartibbuzarlik va ommaviy tartibsizliklarda olomon tarkibidan shubha uyg‘otuvchi va mutaassib shaxslarni aniqlashda profayling usulidan foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.
VII.5. Olomonni boshqarishning psixologik usullari
Olomonning g‘ayrisotsial harakatlarini oldi olish va ularga chek qo‘yish uchun turli shakl va usullardan foydalaniladi. Ular uchun umumiy bo‘lgan jihat - olomon xulqining psixologik qonuniyatlarini chuqur bilish va aniq hisobga olish. Masalan, anonimlik hissi olomon ishtirokchilarini ongsiz harakatlarga undashidan quyidagicha foydalanishi mumkin. Olomon ancha katta bo‘lganida ovoz kuchaytirgich vositasi orqali uning aniq ishtirokchilariga murojaat etish to‘g‘ri bo‘ladi. Bu hol eng sog‘lom fikrlovchilarni o‘z harakatlarini anglashga undaydi, ularga o‘zini nazorat qilishdek
yo‘qotgan hissiyotini qaytarishda va o‘z xatti-harakati uchun mas’uliyatni his qilishida yordam beradi.
Ommaviy tartibsizliklar paytida ommani tarqatish uchun uni kichik guruhlarga ajratish, olomondagi ashaddiy ishtirokchilarni topish va ularni jazolash muhim ahamiyat kasb etadi.
Olomondagi jamiyatga qarshi harakatlarning oldini olishda ichki ishlar idoralari xodimlari sotsial psixologiya va uning qonuniyatlarini yaxshi bilishlari, ya’ni sotsial jarayonlar, jamoa va guruhlarining psixologik xususiyatlarini, ularni harakatga keltiruvchi psixologik mexanizmlarni hisobga olishlari muhim ahamiyatga egadir. Bundan tashqari, amaldagi qonunni, jamiyatdagi ma’naviy-ruhiy muhitni o‘rganishlari, sotsial psixologik munosabatlar tizimida jamoa va guruhlarning o‘rnini bilishlari zarur.
Amaldagi qonunlarga muvofiq, ichki ishlar organlari zimmalariga yuklatilgan vazifalarni odatdagi (kundalik) sharoitlarda ham, alohida sharoitlarda ham bajaradilar. Jamoat tartibini va xavfsizligini saqlashning alohida sharoitlari deganda, odamlar hayoti va sog‘lig‘i, moddiy va madaniy qadriyatlar uchun xavflilik darajasi katta bo‘lgan muayyan holatlarda yuzaga keladigan hamda ichki ishlar organlaridan huquqiy va tashkiliy xususiyatga ega maxsus choralar ko‘rishni talab qiladigan sharoitlar tushuniladi. Mazkur sharoitlar turli xil favqulodda vaziyatlarning kelib chiqishi bilan bog‘liq. Tinchlik vaqtida ularga quyidagilar kiradi: tabiiy ofatlar, epidemiyalar, epizootiyalar, texnogen va ekologik falokatlar, sotsial to‘qnashuvlar, shuningdek, katta ommaviy tadbirlar o‘tkazilishi va hokazo.
Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qonuniyligiga ko‘ra miting, yig‘ilish, namoyish o‘tkazish demokratiyaning bir ko‘rinishidir. Demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirishda fuqarolar o‘z sotsial-siyosiy faolliklarini erkin amalga oshirish huquqiga egadirlar. Konstitusiyamizning 33-moddasida fuqarolarning sotsial faolliklari miting, yig‘ilish va namoyishlar shaklida amalga oshirilish huquqi e’tirof etilib, qonuniy jihatdan mustahkamlangan.
Hozirgi vaqtda turli xil ommaviy tadbirlar aholining sotsial faolligi va bo‘sh vaqtini o‘tkazishining keng yoyilgan shakllaridan biri hisoblanadi hamda shaxsning siyosiy hayot, sport, madaniyat, san’at yutuqlaridan bevosita bahramand bo‘lish ehtiyojini qondiradi. Demokratiya sharoitida fuqarolarning konstitusiyaviy huquq va erkinliklarini amalga oshirishlari ko‘p jihatdan ularning davlat organlari, siyosiy partiya va harakatlar, shuningdek, turli xil kasaba uyushmalari, sport, madaniyat, diniy va boshqa tashkilotlar o‘tkazadigan turli xil ommaviy tadbirlarda faol ishtirok etishlari bilan bog‘liq.
Shu o‘rinda, ommaviy tadbirlarning turlari va ularni o‘tkazish tartibiga to‘xtalishdan avval, uning lug‘aviy ma’nosiga alohida e’tibor qaratsak. O‘zbek tilining izohli lug‘atida «ommaviy» so‘zining mohiyatiga «ommaga, ko‘pchilikka oid; ko‘pchilik tomonidan yoki omma orasida bajariladigan ommaviy ish. Ommaviy harakatlar», deb izoh berilgan.
O‘zbekiston Respublikasida ommaviy tadbirlar o‘tkazilishining huquqiy asosi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 13 yanvardagi «Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarorida «ommaviy tadbirlar» tushunchasi berilgan bo‘lib, unda «ko‘ngilochar, teatr-tomosha, konsert, sport, reklama dasturlari va boshqa dam olish dasturlarini, shuningdek, kamida 100 kishi ishtirokida umumxalq, diniy, professional bayramlarni o‘tkazish maqsadida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ochiq va yopiq inshootlarda, maydonlarda, binolarda va boshqa joylarda tashkil etiladigan kishilarni to‘plash» ommaviy tadbirlar ekanligi ta’kidlangan.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, yuridik va jismoniy shaxslar ommaviy tadbirlarni o‘tkazish tashkilotchilari bo‘lishlari mumkin. Tashkilotchilar, artistlar, sportchilar va dasturda nazarda tutilgan tomoshali chiqishlarni (harakatlarni) bevosita amalga oshiruvchi boshqa shaxslar hamda tomoshabinlar ommaviy tadbirlar qatnashchilari hisoblanadi.
|
| |