Toshkent davlat yuridik universiteti fuqarolik huquqi darslik I qism




Download 2,02 Mb.
Pdf ko'rish
bet16/159
Sana15.02.2024
Hajmi2,02 Mb.
#157348
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   159
Bog'liq
Fuqarolik huquqi Umumiy qism (2)

 
Fuqarolik huquqi tamoyillari 
Fuqarolik kodeksining 1-moddasida fuqarolik qonun hujjatlarining 
asosiy negizlari belgilab qo„yilgan. Asosiy negizlar yoki boshqacha 
aytganda, fuqarolik huquqining asosiy tamoyillari bu barcha fuqarolik 
qonun hujjatlari mazmuniga singdirilgan rahbariy, asosiy qoidalar 
hisoblanadi. Ushbu asosiy tamoyillar fuqarolik qonun hujjatlarini ishlab 
chiqilishida, huquqni qo„llash amaliyotida xususan, sud amaliyotida o„ziga 
xos yo„naltiruvchi ta‟sir kuchiga ega. Odatda, umumiy qoida bo„yicha 
fuqarolik-huquqiy normalar uning asosiy tamoyillari mazmuniga zid 
bo„lmasligi lozim. Muayyan ijtimoiy munosabatlar bo„yicha fuqarolik 
qonun hujjatlari sohasida bo„shliqlar bo„lgan taqdirda muammolar 
fuqarolik huquqi tamoyillari asosida hal qilinishi belgilab qo„yilgan.
Fuqarolik huquqi tamoyillari tizimiga quyidagilar kiradi: 
1) Fuqarolik qonun hujjatlari bilan tartibga solinadigan munosabatlar 
ishtirokchilarini tengligi tamoyili. Ushbu tamoyil nafaqat FKning 1-
moddasida, 
balki 
muayyan 
ma‟noda O„zbekiston Respublikasi 
Konstitutsiyasining 18-moddasida ham o„z mujassamini topgan. 
Fuqarolik-huquqiy munosabat ishtirokchilari kimligidan qat‟i nazar, 
qanday ijtimoiy-siyosiy maqomga ega bo„lishidan qat‟i nazar o„zlari 
ishtirok etayotgan fuqarolik-huquqiy munosabatlarda bir birlariga nisbatan 
teng huquqqa egadirlar. Albatta fuqarolarning huquq layoqati mazmuni, 
huquq va muomala layoqatini cheklanish asoslari, yuridik shaxslar huquq 
layoqati mazmuni, davlatning fuqarolik huquqiy maqomi, qonunlarda 


25 
belgilab qo„yilgan o„ziga xosliklarga ega. Biroq, bu o„ziga xosliklar ularni 
fuqarolik huquqiy munosabatlardagi ishtiroki tengligini istisno etmaydi.
2) 
Mulk 
dahlsizligi 
tamoyili. 
Ushbu 
tamoyil 
mazmuni 
Konstitutsiyamizning 53-moddasi, FKning 166-moddasida belgilab 
qo„yilgan. Unga ko„ra mulk dahlsizdir va u qonun bilan qo„riqlanadi. 
Mulkdor bo„lmagan barcha shaxslar mulkdorni huquqini hurmat qilishlari 
va unga rioya qilishlari lozim. Mulkdorni mol-mulkini olib qo„yishga, 
shuningdek, uning huquqlarini cheklashga faqat qonunlarda nazarda 
tutilgan hollardagina yo„l qo„yiladi. 
3) Shartnomalar erkinligi tamoyili. Ushbu tamoyilni mazmuni 
FKning 354-moddasida belgilab qo„yilgan. Fuqarolik huquqi subyektlari 
o„z manfaatlarini turli shartnomalar orqali ro„yobga chiqaradilar. Masalan, 
oldi-sotdi, haq evaziga xizmat ko„rsatish, hadya va h.k. Qonunda fuqarolik 
huquqi subyektlarini shartnoma tuzishda erkinligi belgilab qo„yilgan. 
Shartnoma tuzishga majbur qilishga yo„l qo„yilmaydi. Shartnoma tuzish 
burchi Fuqarolik kodeksida, boshqa qonunlarda yoki ushbu subyektning 
o„zi tomonidan olingan majburiyatda nazarda tutilgan hollar bundan 
mustasno. Taraflar qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan shartnomalarni 
ham tuzishlari mumkin. 
4) Xususiy ishlarga biron bir kishini o„zboshimchalik bilan 
aralashishga 
yo„l 
qo„yilmasligi 
tamoyili. 
Fuqarolik-huquqiy 
munosabatlarda har bir subyekt o„zi bilan bog„liq bo„lgan barcha xususiy 
masalalarni shaxsan o„zi o„z erki irodasi bilan hal etishga haqli. Bir 
subyekt boshqa bir subyektning ishlariga o„zboshimchalik bilan 
aralashishga yo„l qo„yilmaydi. Masalan, o„zboshimchalik bilan shartnoma 
tuzishga majbur qilish, o„zboshimchalik bilan shartnomani bekor qilishga 
majbur qilish, o„zboshimchalik bilan biron faoliyat bilan shug„ullanishga 
majbur qilish, ijodiy faoliyat bilan shug„ullanishni ta‟qiqlash va h.k. 
O„zboshimchalik bilan xususiy ishlarga aralashgan taqdirda qonunda 
belgilangan oqibatlar vujudga keladi. Masalan, aldash, qo„rqitish ta‟sirida 
tuzilgan bitim haqiqiy emas deb topiladi. Ayni paytda shuni unutmaslik 
lozimki, qonunda xususiy ishlarga qonuniy aralashish ham belgilab 
qo„yilgan. Masalan, muomalaga layoqatsiz shaxs nomidan uning vasiyi 
vakillik qilishi, voyaga yetmagan bolalarga ularning ota-onalarining 
qonuniy vakillik qilishi, tadbirkorlik faoliyati subyektlari faoliyati ustidan 
nazorat qiluvchi idoralarning vakolatlari va h.k. 
Xususiy ishlarga o„zboshimchalik bilan aralashishga yo‟l 
quyilmasligi tamoyili fuqarolik huquqining xususiy huquq sifatidagi 
mohiyatidan kelib chiqadi. Bu tamoyil eng avvalo, ommaviy hokimiyat va 


26 
uning organlariga qaratilgan bo‟lib, bozor munosabatlari tizimida mulkiy 
munosabatlar qatnashchilari, tovar egalari mulkdorlari xususiy ishlariga, 
shu jumladan xo„jalik ishlariga aralashishga faqat qonunda nazarda 
tutilgan hollardagina yo‟l qo‟yiladi. O„zbekiston Respublikasining
1998 yil 24 dekabrdagi “Xo‟jalik yurituvchi subyektlar faoliyati 
erkinligining kafolatlari to„g„risida”gi qonunda, O„zbekiston Respublikasi 
Prezidentining 1998 yil 19 noyabrdagi “Xo‟jalik yurituvchi subyektlarini 
tekshirishini tashkil qilishini tartibga solish to‟g‟risida”gi Farmonida 
ushbu tamoyilni amalga oshirish kafolatlari belgilab qo‟yilgan. Shaxsiy 
nomulkiy munosabatlar sohasida ushbu tamoyil erkinlik va shaxsiy 
daxlsizlik huquqi, shaxsiy hayotga aralashishdan himoyalanish va turar joy 
daxlsizligi to‟g‟risidagi normalarda (Konstitutsiyaning 25, 27-moddasi) 
yanada aniq holda o„z ifodasini topgan. 
FKning qator normalarida ommaviy hokimiyat organlarining xususiy 
ishlarga o„zboshimchalik bilan aralashmasligi uchun preventiv normalar 
belgilab qo‟yilgan. Masalan, sud davlat organining hujjatini haqiqiy emas 
deb topish, davlat organining qonunga zid hujjatini sudning qullamasligi, 
davlat organlari tomonidan yetkazilgan zararni undirilishi bo‟yicha 
normalar (FKning 11, 15-moddasi) shular jumlasidandir. 
5) Fuqarolik huquqlarini to„sqinliksiz amalga oshirilishi tamoyili. 
Uning mohiyati shundaki, hech kim boshqa subyektlarni fuqarolik 
huquqlarini amalga oshirishga to„sqinlik qilishga haqli emas. Bordiyu 
shunday bo„lgan taqdirda huquq sohibi bunday to„sqinliklarni bartaraf 
etilishini so„rab sudga murojaat qilishi mumkin. Fuqarolik huquqlarini 
amalga oshirish jamiyatdagi mavjud shart sharoitlar bilan belgilanadi. 
Bugungi kunda mamlakatimizda fuqarolarni barcha mulkiy, shaxsiy 
huquqlarini amalga oshirish uchun real imkoniyatlar mavjud. Bunday 
imkoniyatlar 
yuridik 
jihatdan 
kafolatlanibgina 
qolmasdan 
mamlakatimizdagi mavjud siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy tizim tomonidan 
ham to„liq ta‟minlangan. Masalan, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish 
uchun 
davlat ro„yxatidan 
o„tkazish 
va 
hisobga 
qo„yishning 
soddalashtirilgan tartibi amal qiladi. Bu boradagi har qanday byurokratik 
to„sqinliklar va qonunda belgilangan tartibning buzilishi tegishli 
mansabdor shaxslar uchun muayyan javobgarlik choralarini belgilanishiga 
asos bo„ladi.
6) Buzilgan fuqarolik huquqlarini tiklanishi tamoyili. Ko„p hollarda 
fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining muayyan mulkiy yoki shaxsiy 
huquqlarni buzilishi bu huquqlarni mutlaqo bekor bo„lishiga, tugatilishiga 
olib kelmaydi. Bunday huquqlar huquq sohibining sa‟y-harakatlari tegishli 


27 
vakolatli davlat, jamoat organlarini ko„magi yoxud sud qarori asosida 
qaytadan avvalgi holatiga tiklanishi mumkin. Masalan, g„ayriqonuniy 
ravishda mulkdordan olingan mol-mulkni asl holida qaytarib berilishi. 
Ushbu tamoyil g„oyat muhim ahamiyatga ega bo„lib fuqarolik 
muomalasini normal, uzluksiz, barqaror davom etishiga va huquq egalari 
uchun huquqbuzarlik natijasida vujudga kelgan barcha oqibatlarni to„liq 
bartaraf etilishiga asos va sabab bo„ladi. 
7) Fuqarolik huquqlarini sud orqali himoya qilinishini ta‟minlash 
tamoyili. Mamlakatimizda buzilgan fuqarolik huquqlarini ishonchli 
himoya qilishning mustahkam tizimi yaratilgan. Bu tizimning markazida 
odil sudlov orqali huquqlarni va qonuniy manfaatlarni himoya qilish tartibi 
yotadi. Konstitutsiyaning 44-moddasida har bir shaxsga o„z huquq va 
erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor 
shaxslar, jamoat birlashmalarining g„ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan 
sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi, deb belgilangan. Fuqarolik 
huquqlarini sud orqali himoya qilish tartibi muayyan taomillar asosida 
ishlarni har tomonlama puxta ko„rib chiqib, oliy yuridik ma‟lumotga ega 
bo„lgan sud‟yalar tomonidan adolatli, qonuniy qaror chiqarilishini nazarda 
tutadi. Mamlakatimizda odil sudlov tizimi tadbirkorlarni huquqlarini 
himoya qiluvchi xo„jalik sudlari, oilaviy, fuqarolik, mehnat nizolari 
bo„yicha fuqarolik sudlari, shuningdek, jinoyat sudlari faoliyat 
yuritmoqda. Odil sudlov tizimi mustaqil hokimiyat tarmog„i bo„lib u 
qonun va adolatga asoslanadi. Fuqarolik huquqlarini sud orqali himoya 
qilinishini ta‟minlash fuqarolik huquqi subyektlarida ishonch, barqarorlik 
tuyg„ularini mustahkamlaydi.
8) Fuqarolar (jismoniy shaxslar) va yuridik shaxslar o„z fuqarolik 
huquqlariga o„z erklariga muvofiq ega bo„ladilar va bu huquqlarni o„z 
manfaatlarini ko„zlab amalga oshiradilar. Ushbu tamoyilni mohiyati erk 
muhtoriyatida namoyon bo„ladi. Bu fuqarolik huquqini o„ziga xos maxsus 
tamoyili bo„lib hisoblanadi. Fuqarolik huquqini subyektlari erk irodasining 
har qanday tajovuzlardan himoya qilinishi, ularni o„z xohishlari, o„z 
maqsadlari, manfaatlarini ko„zlab fuqarolik huquqiy munosabatlarga 
kirishishlari, o„zlari uchun maqbul shartnoma va bitimlar tuzishlari, ularni 
oqibatlaridan bahramand bo„lishlari qonun bilan kafolatlangan. Nafaqat 
ularning erk irodasiga tazyiq o„tkazishdan himoyalanish, shuningdek, 
bunday erk-irodani har xil yanglishishlar ta‟siri ostida bo„lishi holatlari, 
ularni oqibatlarini bartaraf etish ham fuqarolik qonun hujjatlarida belgilab 
qo„yilgan. 


28 
9) Tovarlar, xizmatlar va moliyaviy mablag„larni O„zbekiston 
Respublikasi butun hududida erkin harakatlanish tamoyili. Mamlakatimiz 
hududi yaxlit iqtisodiy-huquqiy maydon hisoblanadi. Ushbu hududda 
fuqarolik huquqi subyektlari turli tovarlar, ishlar, xizmatlar, moliyaviy 
mablag„larni erkin muomalasidan bahramand bo„lish huquqiga egadirlar. 
Xavfsizlikni ta‟minlash, insonlarni hayoti va sog„lig„ini himoya qilishni 
ta‟minlash, tabiiy va madaniy boyliklarni muhofaza qilish uchun zarur 
bo„lgan hollarda tovarlar va xizmatlar harakatda bo„lishini cheklash qonun 
hujjatlarida joriy etilishi mumkin.
Bundan tashqari mamlakatimizda barcha mulk shakllarining tengligi 
va huquqiy jihatdan bab baravar muhofaza qilinishi, mulkiy 
munosabatlarning mafkuraviy munosabatlardan ajratilganligi, qonunda 
nimaiki ta‟qiqlanmagan bo„lsa ruxsat berilishi, fuqarolik muomalasi 
ishtirokchilarining ijtimoiy adolat va qonuniylik tamoyili asosida harakat 
qilishi kabi tamoyillar ham mavjudligi to„g„risida adabiyotlarda fikr-
mulohazalar mavjud. Fuqarolik huquqining ayrim kichik sohalari va 
institutlari jumladan, majburiyat huquqi, mulk huquqi, intellektual mulk 
huquqi, mualliflik huquqi, vorislik huquqi ham o„zining alohida 
tamoyillariga ega. 
Fuqarolik huquqi tamoyillaridan yana biri bu dispozitivlik tamoyili 
hisoblanadi. Uning mohiyati shundaki, fuqarolik huquqiy munosabatlar 
ishtirokchilari bu munosabatlarda mustaqil, o„z xohishiga ko„ra 
qatnashadilar va manfaatlariga muvofiq tegishli xatti harakat qoidalarini 
tanlab oladilar. Masalan, ular aksariyat hollarda u yoki bu fuqarolik 
huquqiy munosabatlarga kirishish yoki kirishmaslik, o„z kontragentlaridan 
majburiyatlar ijrosini talab qilishi yoki talab qilmaslik, o„z huquqlarini 
himoya qilishni so„rab sudga murojaat qilish yoki qilmaslik masalalarini 
o„zlari mustaqil hal qiladilar. 

Download 2,02 Mb.
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   159




Download 2,02 Mb.
Pdf ko'rish

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



Toshkent davlat yuridik universiteti fuqarolik huquqi darslik I qism

Download 2,02 Mb.
Pdf ko'rish