Veterinariya akusherligi




Download 2,5 Mb.
bet74/75
Sana09.10.2024
Hajmi2,5 Mb.
#274377
1   ...   67   68   69   70   71   72   73   74   75
Bog'liq
Akusherlik MT

Laborator tekshirishlar. Ko’pchilik hollarda klinik tekshirishlardan tashqari qon, siydik va tezakni laborator tekshirish, bachadon va qindan olingan ekssudatni bakteriologik tekshirish, bachadon bo’ynidan olingan suyuqlikni mikroskopda hujayraviy tarkibini tekshirish, shuningdek, endometrit, bachadonning gipo- va atoniyasi bo’yicha sinamalar o’tkazish talab etiladi. Laborator tekshirish ma’lumotlari biror kasallikka diagnoz qo’yish uchun yordam beribgina qolmasdan, balki ba’zan kasallikning kechishi to’g’risida ma’lumotga ega bo’lish, davolash rejasini tuzish va maqsadga muvofiq usullarni tanlashga yordam beradi.
Ginekologiya amaliyotida ham kasallikning sababini aniqlash maqsadida qindagi suyuqlik holatini, bachadon va qindagi mikroorganizmlarni aniqlashga to’g’ri keladi.
Laboratoriya tekshirishi uchun namunalar olishdan oldin jinsiy a’zolar yuvilmaydi, siydik yo’lidan va qindan olinadigan suyuqlikni tekshirish zarur bo’lganda esa qoviqni bo’shatish ham yaramaydi, chunki suyuqliklar siydik va dezinfeksiyalovchi moddalar bilan yuvib tashlanadigan bo’lsa olingan namunada mikroblar bo’lmasligi mumkin.
Bachadon subinvalyusiyasini aniqlash sinamasi. Probirkaga 3-5 ml distillangan suv va uning ustiga no’xat kattaligida bachadon bo’ynidan olingan suyuqlik solinib, aralashma 1-2 daqiqa qaynatiladi. Bachadonning invalyusiyasi tugagan bo’lsa suyuqlikning rangi tiniqligicha qoladi, subinvalyusiya paytida suyuqlik loyqalangan va ivimalarga ega bo’ladi.
Endometritlarni aniqlashning ekspress usuli. Buyum oynachasiga ikki tomchi sperma tomizilib, ulardan birining ustiga kuyikish paytida bachadon bo’ynidan olingan shilimshiq suyuqlik tomiziladi, ustiga yopqich oyna yopilib, mikroskopda tekshiriladi. Hayvon endometrit bilan kasallangan bo’lsa spermiylar harakatsiz yoki agglyutinasiyaga uchragan bo’ladi.
Endometritlarni aniqlashda tindirish sinamasi. Probirkaga 2 ml loxiy suyuqligi olinib, uning ustiga 2 ml 1%-li sirka kislotasi yoki 1:1000 nisbatli etakridin laktat (rivanol) eritmasi solinadi. Tug’ishdan keyingi davr me’yorida kechayotgan bo’lsa musinli ivima hosil bo’lib, chayqatilganda tarqalib ketmaydi va suyuqlik tiniqligicha qoladi. Tuqqandan keyingi o’tkir endometrit paytida cho’kma hosil bo’lib, chayqatilganda suyuqlik tezlikda loyqalanib ketadi.
Pertubasiya va xromogidrotubasiya. Tuxum yo’llarida talaygina o’zgarishlarni to’g’ri ichak orqali aniqlash mumkin bo’lsada, bu paytda davolash samarasiz bo’ladi. Pertubasiya va xromogidroturbasiya usullari tuxum yo’llari kasalliklarini boshlang’ich davrlarida aniqlashga imkon beradi, bu esa davolash samaradorligini oshiradi.
Pertubasiya asbobi manometr, Richardson sharlari, bachadon bo’yinchasi kanalini mahkam yopuvchi moslama bilan jihozlangan katetrdan iborat.
Pertubasiya usulida ishlatiladigan barcha asboblar (katetr, qisgichlar, qin oynasi) sterillangan bo’lishi kerak. Tekshirlayotgan sigir va urg’ochi tanalar stanoklarga kiritilib, mahkam bog’langach, tashqi jinsiy a’zolari furasilin yoki kaliy permanganat eritmalari bilan zararsizlantiriladi. Qinga ehtiyotlik bilan qin oynasi yuboriladi, keyin qisqich bilan bachadon bo’yinachasi ushlanib, jinsiy lablar tomon tortiladi, keyin esa qin oynasi sekin chiqarilib olinadi. Bachadon bo’yinchasiga yod eritmasi surtilib, uning kanaliga maxsus moslama bilan jihozlangan katetr yuboriladi, keyin bachadon germetik holatni hosil qilish uchun bachadon bo’yinchasi kanali mahkam yopiladi. Bunda kateter bachadon bo’yinchasiga o’rnatilgan qisqichlarga mahkamlanib, normal holatga keladi. Keyin Richardson sharlari yordamida bachadonga havo yuboriladi va 2 daqiqa dam berilib, so’ng sekinlik bilan bosimni 60 mm simob ustunigacha oshirish kerak.
Pertubasiya usuli bilan tuxum yo’llarining normal o’tkazuvchanligini yoki uni torayganligini yoki berkilib qolganligini aniqlash mumkin. Agar tuxum yo’llari o’tkazuvchan bo’lsa manometr strelkalari 60-80 mm ga yetgandan so’ng tezda orqaga qaytadi, chunki havo tuxum yo’li orqali qorin bo’shlig’iga o’tadi. Agar tuxum yo’llari toraygan bo’lsa yoki o’tuvchanligi bir tomonlama bo’lsa manometr strelkasi 80-100 mm simob ustuni ko’rsatkichidan sekin orqaga qaytadi. Tuxum yo’llari o’tkazuvchanligi yo’qolganda 100-120 mm simob ustunigacha bosim berilganda ham manometer strelkasi orqaga qaytmasdan bir joyda turadi. Sigirlarda bachadonga yuborilayotgan havoning yuqori bosimi 100 mm simob ustuniga, urg’ochi tanalarda bu ko’rsatgich 130 ga teng bo’ladi.
Har qaysi tuxum yo’lining normal holatini aniqlashda 2 kanalli katetrlardan foydalanish tavsiya etiladi. Katetrni proksimal 2 qismi bir-biridan ajratilib qo’yilgan, yon tomonida teshigi bor va havo yuborilganda kattalashadigan manjetdan iborat bo’ladi. Katetrning distal qismi o’rtacha korpus orqali bir kanalli ushlagich bilan birlashib, unda havoni taqsimlovchi jumragi bo’ladi. Asbobga manometr ulangan bo’ladi. Sigir va urg’ochi tanalar stanokka mahkam bog’langandan so’ng, chap qo’l bilan asbobning katetri qinga, to’g’ri ichakka yuborilgan qo’l bilan esa katetr bachadon bo’yinchasiga tomon yo’naltirilib, bachadonning chap shoxiga, keyin esa o’ng shoxiga yuboriladi. Sharlar orqali havo yuborilib, manometr strelkasiga qarab turiladi. Bachadon shoxlari germetik yopilishiga sigirlarda bosim 185, urg’ochi tanalarda 290 mm simob ustuniga yetganida erishiladi. Keyin tuxum yo’llari holatini aniqlashga kirishiladi. Bunda havo taqsimlovchi jumrak “A” holatiga qo’yiladi (kanallar yopiladi) qoldiq havo bosimi umumiy kanaldan chiqaruvchi klapan orqali chiqariladi. Keyin havo taqsimlovchi jumrak “B” holatiga o’tkaziladi, bunda havo kanal orqali germetizasiya qilingan bachadon shoxlariga yuboriladi, bu paytda manometr strelkasi kuzatilib turilishi kerak va bosim sigirlarda 100, urg’ochi tanalarda 130 mm simob ustunidan oshmasligi lozim.
Xromogidrotubasiya usulida metil ko’kining 1%-li novokain eritmasida tayyorlangan 0,2%-li eritmasi (60 ml 1%-li metil ko’kining suvli eritmasiga 3 mln. ta’sir birligida pensillin yoki streptomisin, eritma 300 ml ga yetgunga qadar unga 1%-li novakain eritmasi qo’shiladi). Eritma suv hammomida 40-42 gradusgacha isitiladi va pertubasiya asbobiga Bobrova asbobining kolbasi o’rnatilgan yig’ma asbob yordamida bachadon shoxlariga yuboriladi. Sigir yoki urg’ochi tana stanokda fiksasiya qilinib, kateter pertubasiya usulidagidek bachadon bo’yinchasiga yuboriladi. Apparat orqali bachadonga bosim 60 mm simob ustuniga yetguncha havo yuboriladi va 1-2 daqiqa dam berilib, yana havo yuborish davom ettiriladi. Bachadondagi havoning bosimi sigirlarda 100, urg’ochi tanalarda 130 ml simob ustuniga teng bo’lishi kerak. Shundan so’ng eritmadan urg’ochi tanalar bachadoniga 100-200 ml, sigirlarda 200-300 ml yuboriladi.
Tekshirish olib borilayotgan sigir va urg’ochi tanalardan 3, 6, 12 va 24 soatdan so’ng katetr orqali bir xil rangli va diametrli probirkalarga siydik olinadi. Tuxum yo’llarining o’tkazuvchanligini metilen ko’ki eritmasi yuborilgach, 3-6 soatdan so’ng siydikni ko’k rangga bo’yalishiga ko’ra baholanadi. Siydikning ko’k rangga bo’yalishi 12-15 soatdan so’ng yo’qoladi. Tuxum yo’llarining ikki tomonlama o’tuvchanligi yo’qolgan bo’lsa siydik rangi o’zgarmaydi, ya’ni metilen ko’ki baxromkalar va qorin devorlari orqali so’rilmaydi, natijada buyrak orqali siydik bilan ajralmaydi.
Pertubasiya va xromogidrotubasiya usullari qin va bachadonni klinik yo’l bilan tekshirib, yallig’lanish jarayonlari yo’qligi aniqlangan sigir va urg’ochi tanalarda o’tkaziladi. Pertubasiya va xromogidrotubasiya usullarini qo’llashdan oldin hayvonlarga 5-7 ml 0,1%-li atropin eritmasi yuborilib, tuxum yo’llarining spazmini kamaytirish kerak.
Biopsiya usuli. Bachadonning shilliq pardasidan biopsiya usuli bilan olingan materiallarni gistologik tekshirish hayvonlarning bepushtligi sabablarini aniqlashga yordam beradi, ya’ni sigir va urg’ochi tanalarda yaqqol klinik belgilarsiz o’tuvchi patologik o’zgarishlarni aniqlaydi.
Bachadonning shilliq pardasidan I. N. Afanasev biotomi bilan kesma olinadi. Oldin sterillangan biotom bachadon bo’yinchasi kanaliga xuddi bachadon bo’yinchasini to’g’ri ichak orqali ushlab sigirlarni urug’lantirish usulidagi singari yuboriladi. Keyin asbob bachadonning tekshirilishi kerak bo’lgan shoxiga yuborilib, ichki shilliq pardasi 4-6 mm kattalikda kesib olinadi. Biotom asbobining konstruksiyasiga ko’ra endometriyadan biopsiya kesib olish turlicha bo’ladi. Bachadon shilliq pardasini ichki qismidan olingan kesmalar 3 ml fiziologik eritma solingan probirkaga solinadi, keyin (fiksasiya qilinib, 5-7 mkm qalinlikda kesilgan) kesmalar gistologik tekshiriladi.
Qonning morfobiokimyoviy ko’rsatkichlarini aniqlash. Morfologik ko’rsatkichlardan eritrositlar, leykositlar soni, gemoglobin miqdori umumiy usullar yordamida tekshiriladi. Biokimyoviy ko’rsatkichlar (umumiy oqsil va kalsiy, anorganik fosfor, ishqoriy zahira va b.) veterinariya laboratoriyasida aniqlanadi.
Spermioagglyutinasiya sinamasi. Qon zardobida spermioanti-telalarining titrini (K. Bratanov va V. Dikovlar tavsiyasi bo’yicha) aniqlash uchun spemioagglyutinasiya sinamasi o’tkaziladi. Buning uchun 11 ta sterillangan probirkalarga 1 ml fiziologik eritma solinib, birinchi probirkaga tekshirilayotgan 1 ml qon zardobi qo’yilib, eritma bilan yaxshi aralashtiriladi. Keyin birinchi probirkadan 1 ml aralashma olinib, ikkinchi probirkaga solinadi, ikkinchisidan uchinchisiga va o’n birinchi probirkaga 1 ml dan o’tkazib solinib chiqiladi, keyin undan 1 ml aralashma to’kib tashlanadi. Natijada qon zardobi 1:1, 1:2, 1:4, 1:16, 1:32 va h. k. nisbatda fiziologik eritma bilan aralashtirilgan bo’ladi.
Shundan so’ng har qaysi probirkaga buqaning sigirlarni bir necha marotaba urug’lantirishda ishlatilgan spermasining 2%-li suspenziyasidan 2 tomchi tomiziladi. Probirkalardagi suyuqlik yaxshi aralashtarilib, 30 daqiqaga 37°C haroratli termostatga qo’yiladi. Reaksiya natijasi mikroskopda aniqlanadi. Buning uchun paster pipetkasi yordamida har qaysi probirkadan oz miqdorda sperma suspenziyasidan buyum oynasining maxsus chuqurchalariga tomizilib, qoplagich oyna yopiladi va mikroskop ostida tekshiriladi. Agar mikroskopni ko’rish doirasida bir-biriga boshchasi bilan yopishgan spermiylar bo’lmasa yoki 1-2 ta bo’lsa reaksiya manfiy hisoblanadi. 1:256 nisbatda va undan past suyultirishda agglyutinasiya kuzatilganda sinama - ishonchsiz, 1:512 va 1:1024 nisbatda suyultirishda barcha spermiylarning agglyutinasiyasi kuzatilganda sinama natijasi ijobiy deb hisoblanadi.
Mikroskopiya usuli. Qin - bachadon buyinchasi atrofidan olingan shilimshiq suyuqlikdan tayyorlangan surtma Romanovskiy Gizma usuli bilan bo’yaladi, surtmada epiteliy hujayralarining katta (K), o’rtacha katta (O’), mayda (M), yadrosiz (Yas), deformasiyaga uchragan (Df) shakllari sanaladi. Surtmadagi qon shaklli elementlarining miqdori (+++), (++), (+), agar umuman uchramasa (-) bilan belgilanadi. Surtmada hammasi bo’lib 500 hujayra sanaladi (A. O. Manasyan).



- jadval.

Download 2,5 Mb.
1   ...   67   68   69   70   71   72   73   74   75




Download 2,5 Mb.