2-rasm. Geofazoviy (a) va tavsifiy (b) ma’lumotlar
Fazoviy va geofazoviy ma’lumotlar. Geofazoviy ma’lumotlar oʻzida
koordinatani mujassamlashtiradi va tizim ma’lumotni oʻqiyotgan
paytida
koordinatasini, ya’ni joylashgan manzilini ham oʻqiy oladi. Fazoviy ma’lumotlar
inglizcha adabiyotlarda “spatial data” deb yuritiladi va u lotincha “spatium” soʻzidan
olingan boʻlib, fazo, makon degan ma’noni anglatadi. Fazoviy deganda obyektning
fazoga oid ma’lum bir joydagi holatiga, oʻlchamiga va shakliga bogʻliqligi
tushuniladi. Ma’lum bir hodisaning uch oʻlchamli makonda tarqalishi va oʻlchash
imkoniyatini ham fazoviy tushunchasiga kiritishimiz mumkin. Geoaxborot
tizimida
fazoviy tushunchasi kartadagi joyga nisbatan qoʻllaniladi.
Geofazoviy ma’lumotlar esa “geospatial data” deb yuritiladi va u geografik
va fazoviy ma’lumotlar tushunchalarining yigʻindisidan tashkil topgan boʻlib,
fazoviy ma’lumotlar bilan bir xil tushuniladi. AQSH ning Geologik tadqiqot
agentligi bergan ta’rifga koʻra, bu ikkala tushunchani bir xil ma’noda tushunish
ma’qul hisoblanadi va ular bir-birining oʻrnida qoʻllaniladi.
Geofazoviy ma’lumotlar
odatda koordinatalar, topologiyalar koʻrinishida
saqlanadi va ular asosida kartalar ishlab chiqiladi. Bu tushuncha asosan geoaxborot
tizimida qoʻllaniladi va olishga, boshqarishga hamda tahlil etishga moʻljallangan
boʻladi. Geofazoviy ma’lumotlar geoaxborot tizimini boshqa axborot tizimlaridan
ajratib turadi.
Geofazoviy ma’lumotlar, oʻz
navbatida, tizimda ikki turga boʻlinadi, ya’ni
vektor va rastr ma’lumotlar.
Geofazoviy ma’lumotlarni tushunishimiz uchun yoʻlni misol qilib olish
mumkin. Yoʻlni tasvirlash uchun uning joylashuvini (qayerda) va tavsifi (uzunligi,
nomi, tezligi, cheklovi, yoʻnalishi)ni koʻrsatamiz. Yoʻlning joylashuvi, shakli yoki
geometriyasi fazoviy ma’lumot deb atalsa, uning tavsifi tavsifiy ma’lumot yoki
atribut ma’lumot deyiladi. Demak, ushbu yoʻl boshqa geofazoviy ma’lumotlarga
oʻxshab oʻzining fazoviy va atribut ma’lumotlariga ega.