O‘ZBEKISTON ZAMINI
4/2019
49
Kirish.
Chirchiq daryosi havzasi jigarrang
tuproqlari G‘arbiy Tyan-Shan tog‘ tizimining
G‘arbiy Chotqol tizmasida tarqalgan bo‘lib, bu
tuproqlar karbonatli akkumulyativ gorizontning
joylashish chuqurligiga qarab karbonatli, tipik va
ishqorsizlangan tipchalarga ajratiladi.
Jigarrang tuproqlar bir qator olimlar
tomonidan o‘rganilgan bo‘lib, ularning
taksonomik o‘rnini belgilashda I.P. Gerasimov
bir qator tadqiqotlar natijalarini umumlashtirish
asosida quruq o‘rmonlar va butazorlarning o‘tloqi
dasht tuproqlarini alohida tuproq tipi – jigarrang
tuproqlar deb tuproqlar klassifikatsiyasiga
kiritishni taklif qilgan [4].
A.N.Rozanov Farg‘ona tuproqlarini
o‘rganib, bu tuproqlarni to‘yingan qo‘ng‘ir
tuproqlar yoki o‘rmon to‘q tusli qo‘ng‘ir tuproqlari
deb atagan. [8] Keyingi davrda bu qarashlar
rivojlantirilib, A.Z.Genusov, B.V.Gorbunov,
N.V.Kimberglar [2,3] tomonidan jigarrang
va to‘q qo‘ng‘ir o‘rmon tuproqlari alohida
tuproq tiplariga ajratilgan [7]. A.Z.Genusov
bu tuproqlarni quyidagi tipchalarga ajratgan:
kuchsiz ishqorsizlangan, tipik, eroziyalangan
karbonatli va kuchli ishqorsizlangan jigarrang
tuproqlar [1]. Ya’ni ishqorsizlangan jigarrang
tuproqlarni karbonatli-akkumulyativ gorizontning
joylashish chuqurligiga ko‘ra kuchsiz va
kuchli ishqorsizlangan tipchalarga ajratgan.
Respublikamizda hozirgi kunda foydalanilayotgan
tuproqlar klassifikatsiyasida jigarrang tuproqlar
3 ta tipchalarga: karbonatli, tipik va ishqorsizlangan
tipchalarga ajratilgan [7].
Bu klassifikatsiya sobiq ittifoq tuproqlari
klassifikatsiyasi va diagnostikasi (1977) doirasida
ishlab chiqilgan ekologik-genetik tamoyil asosida
tuzilgan klassifikatsiyadir. Ushbu klassifikatsiya
diagnostik kriteriylar sifatida tuproq hosil
bo‘lishi sharoitlari va omillarini hisobga oluvchi
genetik-ekologik klassifikatsiyadir. Unda bazaviy
toksonomik birliklar tiplar va tipchalar - tabiiy
zonalar tizimi, podzonasi va fatsiyalarida hamda
gidromorfizm mavjudligi va gidromorfizm
darajasidagi o‘rni bilan ajratiladi.
2004-yilda “Rossiya tuproqlari
klassifikatsiyasi va diagnostikasi” nomi bilan
tuproqlarning yangi klassifikatsiyasi nashr etildi
(Mualliflar: L.L. Shishov, V.D. Tonkonogov,
I.I. Lebedeva, M.I. Gerasimova. Ma’sul muharrir
G.V. Dobrovolskiy). Bu klassifikatsiyaning
tuzilishida eng yuqori taksonomik birlik stvol,
undan keyin bo‘lim, undan so‘ng tip va tipchadir.
Ushbu nashrda taksonlar diagnostikasi tipcha
darajasigacha batafsil keltirilgan bo‘lib, tipchadan
quyi taksonomik birliklarni ajratishning miqdoriy
parametrlari ham keltirilgan.
Respublikamiz jigarrang tuproqlarini bu
klassifikatsiya bo‘yicha “Postlitogen stvol” ining
“Metamorfik strukturali tuproqlar” bo‘limiga
kiritish mumkin. “Postlitogen stvol”ining
indeksi “S” “Metamorfik strukturali tuproqlar”
bo‘limining indeksi “CD” deb belgilangan.
Jigarrang tuproqlarning bu bo‘limga kirishining
asosiy sababi BM - metamorfik strukturali gorizont
mavjudligidir. Bu gorizontda ma’lum bir xil
struktura bo‘lmasdan strukturaning metamorfizmi
jarayoni yuz beradi. Ya’ni kimyoviy faol
suyuqlik - erituvchi yoki gaz ishtirokida harorat
va bosim ta’sirida qattiq fazali tog‘ jinslarida
mineral moddalarning va tuproq strukturasining
o‘zgarishlari (dezintegratsiya, loylanish, nurash
jarayonida temir oksidlarining ajralishi va ularning
degradatsiyasi) jarayonlari yuz beradi. Jigarrang
tuproqlar kesmasining umumiy formulasi “AU -
BM - BCA - Cca” dan iborat. Bunda AU - to‘q
gumusli gorizont, BM - metamorfik strukturali
gorizont, BCA - akkumulyativ-karbonatli
gorizont, Cca - karbonatli ona jins.
Rossiya tuproqlarining yangi
klassifikatsiyasi
G‘arbiy
Yevropa
tuproqshunoslarining amaliy yutuqlari
va AQSh tuproqshunoslarining miqdoriy
kriteriylar metodologiyasini e’tiborga olgan
holda substantiv-genetik tamoyillar asosida
ishlab chiqilgan bo‘lib, xalqaro tuproqlar
klassifikatsiyasiga yaqinlashgan variantdir. Bu
klassifikatsiya substantiv bo‘lib, tuproq kesmasini
genetik gorizontlar tizimi sifatida baholashga
asoslangan. Bu klassifikatsiyada asosiy tamoyil
genetiklik tamoyili bo‘lib, u tuproqlarni ularning
diagnostik gorizontlarning umumiy tizimi
sifatidagi genetik kesmasining xarakteriga ko‘ra
ajratishga asoslangan [5]. Yoki qisqacha aytganda
bu kesma-genetik klassifikatsiyasi bo‘lib, tuproq
diagnostikasida tuproqlarning o‘z xususiyatlari
asosiy o‘rinni egallaydi.