• Mehnat unumdorligi
  • Nazorat uchun savollar
  • -MAVZU. YO‘L XO‘JALIGIDA MEHNAT RESURSLARI, ISh UNUMDORLIGI VA MEHNATGA HAQ TO‘LASh




    Download 4,89 Mb.
    bet15/30
    Sana07.12.2023
    Hajmi4,89 Mb.
    #113510
    1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   30
    Bog'liq
    30 03 услубий қўлланма Йўл хўжалиги иқтисодиёти 2

    7-MAVZU. YO‘L XO‘JALIGIDA MEHNAT RESURSLARI, ISh UNUMDORLIGI VA MEHNATGA HAQ TO‘LASh
    Reja:

    1. Yo‘l xo‘jaligida mehnat resurslari

    2. Mehnat unumdorligi

    3. Ish haqi

    Yo‘l xo‘jaligida mehnat resurslari
    Ilmiy-texnik taraqqiyoti natijalarining dadil joriy etilishi va shu asosida ishlab chiqarish intensivligining ortib borishi yo‘l xo‘jaligini yuqori ixtisosli ishchilar va muxandis-texnik xodimlarga bo‘lgan talablarini qondirishga alohida e’tibor talab qiladi. Mehnatning texnik jihatdan qurollanganligi, zamonaviy texnika va texnologiyaning o‘sish saviyasi bilan xodimlar (kadrlar) tayyorlash o‘rtasidagi nomutanosiblik mehnat unumdorligi o‘sish su’ratining pasayishiga, ishlab chiqarish quvvatlaridan to‘liq foydalanilmaslikka va ishlar sifatining pasayishiga olib keladi.
    Hozirgi kunda avtomobil yo‘llarini qurish, ta’mirlash va yaroqli holda saqlab turish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarda ishlovchilarning 70 foizini ishchilar, 22-25 foizini rahbar xodimlar, mutaxassislar va 5-8 foizni xizmatchilar tashkil etadi.
    Yo‘l xo‘jaligi tashkilotlari funksiyalarining o‘ziga xosligi va birinchi navbatda, yo‘l qurilish materiallarini qazib olish va qayta ishlash, yarimfabrikatlar tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi rivojlangan ko‘p maqsadli yordamchi ishlab chiqarishni tashkil etish zarurati shunga olib keladiki, bevosita qurilish-montaj ishlarida band bo‘lgan ishchilar soni taxminan 50 foizni tashkil etadi. Qolgan ishchilr esa «noasosiy» ishlab chiqarish bilan banddirlar. Xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jaliklardagi ishchilar salmog‘i umumiy ishlovchilar sonining anchagina qismini, ya’ni 20 foizigachasini tashkil etib, ular asosan transport ishlarini bajarishda, ta’mirlash-mexanika ustaxonalarida, moddiy-texnik ta’minot omborxonalari va bazalarida faoliyat ko‘rsatadilar.
    Texnik taraqqiyot natijasida avtomobil yo‘llari qurilishi va ta’mirlashidagi ishlovchilarning sifat tarkibida muhim o‘zgarishlar yuz bermoqda - xodimlarning malakalari ortmoqda, ishchilar qo‘shimcha mutaxassisliklarni egallashmoqda, keng profilli mexanizator xodimlar asosiy rolga ega bo‘lib bormoqdalar.
    Yo‘l xo‘jaliklarida boshqaruv tizimini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirayotgan tadbirlar ta’sirida rahbar xodimlar va mutaxassislar soni bilan ishchilar soni o‘rtasidagi nisbat ham o‘zgarib bormoqda.
    Xodimlarga bo‘lgan talabni aniqlash va ishchi xodimlar malakasini oshirib borish rejalangan tartibda yuqori malakali mutaxassis xodimlarga bo‘ladigan talabning balanslangan hisob-kitobi asosida, bu talabni qondirish manbalari belgilangan holda amalga oshiriladi. Balanslangan hisob-kitob, yangi yo‘l qurilish va ta’mirlash tashkilotlarining paydo bo‘lishi, ishchilarning ishlab chiqarishdan ajralgan holda oliy o‘quv yurtlari va kollejlarga o‘qishga joylashishi, qurolli kuchlar safiga chaqirilishlari, nafaqaga chiqishlari, oliy yoki o‘rta maxsus o‘quv yurtlarini tugatishlari munosabati bilan mutaxassilarning boshqa mansablarga o‘tkazishlari natijasida qo‘shimcha ravishda malakali xodimlar tayyorlashga bo‘ladigan ehtiyojini aniqlash imkonini yaratadi.
    Yuqori malakali ishchilar tayyorlashga bo‘ladigan talabning balanslangan hisob-kitobini bajarishdan oldin ishchilarning mutaxassisliklar bo‘yicha tarkibiy tuzilishida sodir bo‘lgan barcha o‘zgarishlar chuqur tahlil qilib chiqilishi kerak, bundan ko‘zda tutiladigan maqsad ilmiy-texnika ta’sirida ishchi xodimlar strukturasida yuz berayotgan o‘zgarishlarning asosiy tendensiyalarini aniqlashdir (Yangi mutaxassisliklar va ixtisoslikarning paydo bo‘lishi, alohida mutaxassisliklarga talabning kamayishi yoki ortishi va hokazo). Malakali ishchilarga bo‘ladigan qo‘shimcha talabni qondirishning ratsional manbalari nisbatlarini belgilashda rejalashtirilayotgan o‘zgarishlar hisobga olinishi kerak.
    Ma’lum bir hudud bo‘yicha mehnat resurslari va ish joylari balansini ishlab chiqish, birlashma, korxona va tashkilotlarda ko‘p smenali ishlashni tashkil etish, ish joylarining yuklanganligini oshirish maqsadida ish joylaridan foydalanishni tahlil qilish, kasaba uyushmasi organlari bilan birgalikda qayta taqsimlanish, ishga joylashish va bo‘shagan ishlovchilarni qayta tayyorlashni nazorat qilish maqsadlari uchun kerak.
    Yo‘l xo‘jaligining mehnat resurslariga bo‘lgan talablarini qondirish asosan tashkiliy ravishda ishga qabul qilish, ishchi xodimlarni kasb - hunar kollejlarida o‘qitib tayyorlash, aholining mehnatga qobiliyatli ishlamayotgan qismini jalb etish orqali amalga oshiriladi.
    Tashkiliy ravishda ishga qabul qilinishi kerak bo‘ladigan ishchilar sonining rejaviy miqdori, qo‘shimcha ravishda ishchilarga bo‘ladigan talab bilan reja bo‘yicha kollejlarni tugatgan shaxslar, umumiy ta’lim maktablarini bitirganlar, zahiraga bo‘shatilgan askarlar, uylarida yordamchi xo‘jaliklarda band bo‘lgan mahalliy aholining bir qismi va bevosita yo‘l tashkilotlari joylashgan hududlardan ishga olinadigan nafaqaxo‘rlar orasidagi farqga teng bo‘ladi.
    Yo‘l xo‘jaligi uchun rahbar va mutaxassis xodimlar tayyorlash avtomobil yo‘llar, qurilish va boshqa texnika oliy o‘quv yurtlari tizimi orqali amalga oshiriladi.
    Yo‘l xo‘jaligini malakali xodimlar bilan ta’minlashda muhim omillardan biri xodimlar qo‘nimsizligi bilan kurash olib borishdir. Xodimlar oquvchanligi yo‘l ishlarining mavsumiy harakterga ega ekanligi, ijtimoiy-maishiy sharoitlarning yaxshi emasligi va boshqa sabablar bilan bog‘liq xodimlar oquvchanligi, oquvchanlik koeffitsienti orqali harakterlanib, uning qiymati yil mobaynida o‘z xohishiga ko‘ra, hamda mehnat intizomini buzganligi uchun bo‘shatilganlar sonining ishlovchilarning yillik o‘rtacha soniga nisbatidan iborat.
    Xodimlar oquvchanligi ta’sirida mehnat unumdorligi pasayadi, brak hisobiga yo‘qotishlar miqdori ortadi, yangi texnikani o‘zlashtirish susayadi. Xodimlar oquvchanligi ishlab chiqarishda mayib bo‘lishlarning o‘sib borishiga imkon yaratadi.
    Xodimlar oquvchanligini keltirib chiqaruvchi sabablarni o‘rganish uchun bo‘shovchilarga anketa so‘rovi o‘tkazish tizimidan foydalaniladi. Bunday so‘rov natijasida olingan ma’lumotlar mutaxassisliklar bo‘yicha bo‘shayotganlarning sabablari strukturasini, mutaxassisliklar va sabablar bo‘yicha bo‘shaganlar tarkibini, mavsumiylik bo‘yicha xodimlar qo‘nimsizligini aniqlash imkonini beradi. Ushbu tahlilga asoslanib, xodimlar oquvchanligining sabablarini o‘rganish va bartaraf etish tadbirlari ishlab chiqiladi. Xodimlarni saqlab qolishni ta’minlash uchun, har bir ishlovchiga yaxshi ishlab chiqarish, madaniy-maishiy va boshqa sharoitlar yaratish kerak.
    Ilmiy-texnika taraqqiyotining tezlashuvi asosida ishlab chiqarishni jadallashtirishning eng muhim shartlaridan biri uzluksiz ravishda xodimlar malakasini oshirib borishdir. Malaka deyilganda, ma’lum bir murakkablik, aniqlik va javobgarlik darajasidagi ishlarni bajarish uchun zarur bo‘lgan kasbiy bilimlar va maxsus ishlab chiqarish tajribalari majmui tushuniladi.
    Malaka darajasining o‘zgarishi malakali va yuqori malakali ishchilar salmog‘ining o‘zgarishi bilan harakterlanadi. O‘rtacha malaka darajasi ishchilarning o‘rtacha razryadi orqali aniqlanadi va turli ishchilar guruhlarining (brigada, uchastka, qurilish tashkiloti) malaka darajasini solishtirish va uning dinamikasini kuzatib borish imkonini beradi.
    Ishchi xodimlarning malakalarini oshirish individual brigada yoki kurslarda o‘qitish usullarida bevosita ish joylarida yoki maxsus o‘quv punktlari yoki markazlarida amalga oshiriladi.
    Ishchilar o‘z malakalarini oshirish jarayonida mehnatning ilg‘or usullarini o‘qib o‘rganadilar va egallaydilar, ishlab chiqarish ilg‘orlarining tajribalarini o‘rganadilar, yangi texnikani va ishlab chiqarish texnikasi va ishlab chiqarish texnologiyasini o‘zlashtiradilar.
    Rahbarlar, mutaxassislar va xizmatchilarning malakalarini oshirish tarmoq va tarmoqlararo kurslar tizimi, malaka oshirish institutlari va markazlarida amalga oshiriladi.
    Mehnat unumdorligi
    Mehnat unumdorligi mehnat jarayonining samaradorligini harakterlaydi va ish vaqtiga nisbatan ishlab chiqarilgan mahsulot miqdorida aniqlanadi. Mehnat unumdorligining o‘sishi, jamiyat ishlab chiqarish kuchlarining rivojlanishini aks ettirib, yaratilgan ishlab chiqarish potensialidan intensiv foydalanish asosidir. Mehnat unumdorligining o‘sishi - halq farovonligini yanada ortishining bosh manbasi bo‘lib, pirovard natijada, ish haqining ortishi, moddiy-ma’naviy ehtiyojlarni qondirishga yo‘naltiriladigan ijtimoiy fondlarning o‘sishi, mamlakat iqtisodiy potensialining mustahkamlanishiga olib keladi. Mehnat unumdorligini oshirish mamlakat va hududlardagi strategik ahamiyatga ega bo‘lgan ijtimoiy - iqtisodiy masalalar yechimini tezlashtiruvchi muhim manba sanaladi.
    Iqtisodiy nazariya bo‘yicha individual va ijtimoiy mehnat unumdorliklari mavjud. Individual mehnat unumdorligi konkret tirik mehnatning unumdorligini aniqlaydi va u vaqt birligi ichida ishlab chiqarilgan mahsulot yoki mahsulot birligini ishlab chiqarish uchun sarflanayotgan ish vaqti miqdori bilan o‘lchanadi. Vaqt birligi ichida qanchalik ko‘p mahsulot ishlab chiqarilayotgan yoki mahsulot birligini ishlab chiqarish uchun qanchalik kam ish vaqti sarflanayotgan bo‘lsa, individual mehnat unumdorligi shunchalik yuqori bo‘ladi.
    Ammo ishlab chiqarishning umumiy samaradorligini harakterlash uchun bu ko‘rsatkich yetarli emas, chunki korxonada yoki tarmoqda individual mehnat unumdorligining o‘sishi har doim ham mahsulot birligini ishlab chiqarish uchung mehnat sarfi kamayayotganligini bildirmaydi. Bu ko‘rsatkich korxona yoki tarmoqqa bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra ham ko‘tarilishi mumkin. Shu sababli halq xo‘jaligi uchun ijtimoiy mehnat samaradorligini harakterlovchi, ya’ni jonli mehnat va ishlab chiqarish vositalarida (materiallar, yarimfabrikatlar, konstruksiyalar, mehnat buyumlari va vositalari) buyumlashgan avvalgi mehnatning birgalikdagi samaradorligini ifodalovchi ijtimoiy mehnat unumdorligi ko‘rsatkichi muhim ahamiyatga ega.
    Ijtimoiy mehnat unumdorligining o‘sishi jonli va buyumlashgan mehnat sarfining birgalikdagi tejamini bildirib, bunda mahsulotdagi jonli mehnat sarfining kamayib borishida, buyumlashgan mehnat salmog‘ining ortib borishida, lyokin umumiy mehnat sarfi miqdorining kamayib borishida o‘z ifodasini topadi. qurilishda individual mehnat unumdorligi ko‘rsatkichi bu ish mahsuli bo‘lib, bitta ishlovchi tomonidan ma’lum bir vaqtda ishlab chiqarilgan (smena, oy, yil) mahsulot miqdoridir.
    Ijtimoiy mehnat unumdorligi esa yil mobaynida ishlab topilgan milliy daromad miqdorini moddiy ishlab chiqarish sohasida band bo‘lgan ishlovchilar soniga nisbati tariqasida aniqlanadi.
    Ijtimoiy mehnat unumdorligi - halq xo‘jaligi strukturasi, fan va texnikaning rivojlanishi va boshqa omillarga bog‘liq. Individual mehnat unumdorligi - yangi texnikaning joriy etilishiga, ishlab chiqarishni mexanizatsiyalashtirish va avtomotlashtirish, mehnati, ishlab chiqarishni va boshqaruvni korxona va butun tarmoq miqyosida tashkil etilishining yaxshilanishiga bog‘liq bo‘ladi.
    Yo‘l xo‘jaligida mehnat unumdorligi ko‘p jihatdan avtomobil yo‘llari tizimining rivojlanishini va ularning transport tasarruf holatlarini aniqlaydi, bu degan so‘z, yuklar va yo‘lovchilarni tashish uchun bo‘ladigan xarajatlar darajasini belgilaydi.
    Mehnat unumdorligini rejalashtirish, hisobga olish va uning o‘sishini nazorat qilish, dinamikasini aniqlashning eng muhim shartlari qatorida mehnat unumdorligini o‘lchash uslubini takomillashtirish turadi.
    Mehnat unumdorligini o‘lchash uslublari xo‘jalik boshqaruvining barcha bosqichlarida mehnat unumdorligini tahlil qilish, turli tashkilot va korxonalar faoliyatlarining natijalarini solishtirish imkoniyatlarini ta’minlashi zarur.
    Modomiki, mehnat unumdorligi ishlab chiqarilgan mahsulot miqdori (yoki bajarilgan ishlar) va ish vaqt sarfi nisbatlaridan iborat ekan, mehnat unumdorligini o‘lchash mahsulot miqdorini hisoblash uslubiga bog‘liq bo‘ladi va u natural yoki qiymat ko‘rsatkichlarida o‘lchanishi mumkin.
    Mehnat unumdorligi natural ko‘rsatkichlarida o‘lchanishining mazmuni vaqt birligi ichida natural ko‘rinishida ishlab chiqarilayotgan mahsulot miqdorini aniqlashdan iborat bo‘ladi.

    Bu yerda,


    Vnat – tegishli turdagi qurilish-montaj ishlarining fizik o‘lchov birliklaridagi hajmi (M2 , M3 ,M,T)
    Tz- bajarilgan qurilish-montaj ishlariga bo‘lgan mehnat sarfi (ishchi-kun) Chr-tegishli davr mobaynida ishlarni bajarishda band bo‘lgan ishlovchilarni o‘rtacha ro‘yxat soni.
    Teskari nisbat alohida turdagi qurilish-montaj ishlarining mehnat sig‘imdorligini (ishchi-kun; ishchi-soat) aniqlaydi, ya’ni alohida turdagi mahsulot birligiga yoki yiriklashtirilgan ishlar majmuiga to‘g‘ri keladigan mehnat sarfi.
    Mehnat unumdorligini natural ko‘rinishda o‘lchash uslubi eng ishonchli, lyokin qo‘llanish sohalari chegaralangan, chunki alohida turdagi ishlar hamda har xil ishlarni bajaruvchi tashkilotlar bo‘yicha mehnat unumdorligini solishtirish imkoniyatini berolmaydi. Natural uslub asosan brigadalar, zvenolar alohida ishchilar mehnat unumdorligini solishtirishda, agar ular bir xil ishlarni yoki ish komplekslarini bajarsalar qo‘llaniladi. Undan tashqari loyiha yechimlarining va ishlarini tashkil etish uslublarining tejamliligini solishtirishda ham qo‘llaniladi.
    Qurilishda va ta’mirlash - qurilish ishlab chiqarishida mehnat unumdorligining eng universal o‘lchagichi qiymat ko‘rsatgichlarida ifodalash bo‘lib, u ma’lum muddat uchun (oy, kvartal, yil) bir ishlovchiga to‘g‘ri keladigan qurilish mahsuloti smeta (narxlari) qiymatini aniqlashga asoslangan

    Bu yerda,
    V-qurilish tashkilotining o‘z kuchi bilan mehnat unumdorligi hisoblanayotgan davrda bajarilgan qurilish - montaj ishlari hajmi, so‘m
    Ch-hisob qilinayotgan davr uchun ishlovchilarning o‘rtacha ro‘yxat soni, ishchi.
    Mehnat unumdorligini qiymat ko‘rsatgichlarida o‘lchash uslubi bitta ko‘rsatkichda qurilish ishlab chiqarishining turli mahsulotlari bo‘yicha mehnat unumdorligini alohida tashkilotlar va butun tarmoq miqiyosida umumlashtirish imkonini beradi.
    Bir ishlovchiga pul ko‘rinishida to‘g‘ri keladigan yillik ish mahsuli mehnat unumdorligi o‘sishining reja va hisobot miqdorlarini hisoblashda asosiy ko‘rsatkich sanaladi. Ammo ish mahsulini qiymat ko‘rinishidagi ko‘rsatkichi bajarilgan ish xodimlarini pul ko‘rinishda o‘lchanganligi sababli to‘laligicha mukammal emas.
    Bu ko‘rsatgichga avtomabil yo‘llari qurilishi keng ko‘lamda olib borilganda materiallar sig‘imdorligi katta ta’sir o‘tkazadi, natijada bir xil sharoitda qimmatroq materiallardan foydalanayotgan qurilish tashkilotlartda uning qiymati yuqori bo‘ladi. Bajariladigan ishlar strukturasidagi sodir bo‘ladigan o‘zgarishlar, uning o‘zgarishi hatto bitta qurilish tashliloti miqyosida ham ob’ektiv tarzda mehnat unumdorligi ko‘rsatgichining pasayishiga sababchi bo‘lishi mumkin.
    Undan tashqari materiallar narxi, yuklarni tashish tariflari, mashinalardan foydalanish narxlari, ustama xarajatlar me’yorlarida sodir bo‘lgan o‘zgarishlar ta’sirida qurilish-montaj ishlarining smeta qiymatlarida bo‘ladigan o‘zgarishlar qiymat ko‘rsatgichlarida aniqlashgan mehnat unumdorligining o‘zgarishiga olib keladi.
    Bajarilgan ishlar hajmining qiymat ko‘rsatgichiga material sig‘imdorligining ko‘rsatadigan ta’sirini yo‘qotish maqsadida turli davrlarda turlicha xildagi material sig‘imdorligining noto‘g‘ri aks ettiruvchi ta’siridan halos etilgan mehnat unumdorligi ko‘rsatgichlarini kiritishga harakat qilingan.
    Mehnat unumdorligiga baho berish uchun normativ uslub deb ataluvchi normativ me’yorlarni amalda sarflangan vaqt Tf bilan solishtirishga asoslangan usuldan foydalaniladi. Bu uslubni qo‘llash normativ vaqtining nisbatan qisqarishi yoki ishchilar tomonidan mahsulot ishlab chiqarish me’yorlarining bajarilishini aniqlash imkonini beradi.
    Normativ uslubninng asosiy kamchiligi uning nisbiyligidir, chunki u brigada ishlab chiqarish uchastkasi, yo‘l tashkilotidagi mehnat unumdorligining absolyut qiymati to‘g‘risida ma’lumot bermaydi va foydalanilayotgan ishlab chiqarish me’yorlarining taraqqiyparvarligi va texnik jihatdan asoslanganligi darajasiga bog‘liq bo‘ladi. Bir yillik tayyor qurilish mahsuloti ishlab chiqarishga joriy etish va uslubni qo‘llanish doirasini kengaytirishga muhim shart - sharoitlar yaratadi.
    Yo‘l xo‘jaligida qiymat usulida hisoblangan mehnat unumdorligi tabora o‘sib bormoqda va uning o‘sish su’ratlari o‘rtacha ish haqi su’ratining o‘sishiga nisbatan oldinda borish koeffitsenti 1,10-1,15 ni tashkil etmoqda.
    Oldinda borish koeffitsenti quyidagi formula yordamida aniqlanadi

    Bu yerda,
    Jpr.mr-mehnat unumdorligi indeksi (bir ishlovchiga o‘rtacha mehnat mahsuli) Jsr.z/pl-o‘rtacha ish haqi indeksi.
    Mehnat unumdorligining o‘sishi qator omillar ta’sirida yuz beradi. Ularning bir qismi individual mehnat unumdorligining o‘sishiga shart- sharoit yaratib, sub’ektiv harakterga ega, ya’ni asosan ishchiga bog‘liq; ishchining kasbiy madaniyat darajasi, malakasi, ish staji va hokazolarga bog‘liq. Boshqa ob’ektiv omillar - ishlab chiqarish texnik saviyasining o‘sishini, yangi texnika va texnologiyani joriy etilishini, ishlab chiqarish jarayonlarini mexanizatsiyalashtirish va avtomatlashtirishni, ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanishning yaxshilanishini, ishlab chiqarishda konsentratsiyalashuvning o‘sishini, ixtisoslashtirishning chuqurlashuvini, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etilishining takomillashuvini aks ettirib, ham jonli, ham buyumlashgan mehnatni tejashni ta’minlaydi.
    Umuman mehnat unumdorligini o‘sishini ta’minlovchi barcha hilma hil omillarni shartli ravishda 3 ta guruhga ajratish mumkin:
    -ishlab chiqarish vositalarining rivojlanganlik saviyasi hamda ulardan foydalanish darajasini aniqlovchi moddiy-texnik omillar;
    -ishlab chiqarishni va mehnatni tashkil etilishi saviyasini aks etuvchi tashkiliy omillar;
    -ishchi kadrlarning tarkibi, ularning malaka saviyasi hamda ishlovchilarning mehnatga munosabatlariga bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy - iqtisodiy omillar.
    Moddiy - texnik omillar ichida eng muhimlaridan biri konstruksiya yig‘ma bo‘lishligidan tobora kuchaytirish, qurilish materiallaridan samarali foydalanish, yo‘l qurilish va ta’mirlash ishlarida mexanizatsiyalashtirish va avtomatlashtirish darajasini oshirish, yuqori unumdorlikka ega bo‘lgan mashinalar bilan uskunalash hisobiga yordamchi ishlab chiqarishni rivojlantirishdir. Qurilishda texnik jihozlanganlikning ortib borishi texnikalardan foydalanishni yaxshilashi, ya’ni smenalik koeffitsentining o‘sishi, bekor turib qolishlar va ish vaqtining unumsiz sarflanishining qisqarishi (hozirgi kunda u 25- 30 foizni tashkil etadi) bilan birga olib borilishi kerak. Qurilish tashkilotlarini yuqori unumdorlikka ega bo‘lgan texnikalar bilan butlash barobarida, ishchilarini kichik mexanizatsiya vositalari va mexanizatsiyalashgan asbob-uskunalar bilan ta’minlashni ham unutmaslik kerak, bu esa o‘z navbatida ular tomonidan qo‘l kuchi bilan bajariladigan ishlarga mehnat sarfini kamaytiradi.
    Yo‘l qurilish va ta’mirlash ishlab chiqarishini boshqaruvining yanada takomillashuvi konsetratsiyalashuvini kengaytirish, ishlab chiqarishni tashkil etishini yaxshilash bilan bog‘liq bo‘lgan tashkiliy omillar mehnat unumdorligini o‘sishiga katta ta’sir etadi.
    Undan tashqari mehnat unumdorligining o‘sishi bajariladigan ishlarning stukturasiga ham bog‘liq (masalan, yillik ishlar hajmi dasturida joriy ta’mirlash salmog‘ining ortishi mehnat unumdorligiga salbiy ta’sir etadi, chunki bu ishlar ko‘p mehnat talab etadi hamda hududiy jihatdan tarqoq holda bo‘ladi). Qurilish-montaj ishlarida band bo‘lgan ishchilar bilan xizmat ko‘rsatuvchi yordamchi ishlab chiqarishdan ishchilar soni bilan rahbar xodimlar va mutaxassislar soni o‘rtasidagi nisbatlar ham mehnat unumdorligiga ta’sir etadi.
    Ijtimoiy-iqtisodiy omillarga quyidagilar kiradi: moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish usullari va turlarining takomillashganligi, motivlash, ishlovchilarning madaniy-texnik saviyasi, xodimlar malakasi va xodimlar oquvchanligi.
    Mehnat unumdorligiga ta’sir etuvchi omillar turkumi shu bilan to‘liq tugadi deb bo‘lmaydi. Tahlil qilishdan ko‘zda tutilayotgan maqsadga qarab, mehnat unumdorligi saviyasini aniqlovchi boshqa guruh omillar ham belgilanishi mumkin. Mehnat unumdorligiga alohida omillarning ko‘rsatadigan ta’siri korreliatsion-regression tahlil asosida aniqlanishi mumkin.
    Avtomobil yo‘llarini qurish va ta’mirlashda mehnat unumdorligi o‘sishini ta’minlash imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish maqsadida, ishlab chiqarish rejalarini tuzish bilan bir qatorda yo‘l tashkilotlari tashkiliy- texnikaviy tadbirlar rejasini ham ishlab chiqadi. Mehnat unumdorligini oshirish bo‘yicha tadbirlarni loyihalshtirish mehnat vositalari va predmetlarini takomillashtirish, texnologiya va ishlab chiqarishni tashkil etish yo‘nalishlari bo‘yicha olib boriladi.
    Yo‘l xo‘jaligida mehnat unumdorligini oshirishning asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
    -avtomobil yo‘llarini qurish va ta’mirlash loyihalarini ishlab chiqarishning sifatini ko‘tarish, ob’ektlarni loyihalashtirish bosqichida yo‘l qoplamalari, sun’iy inshootlar, yo‘l elementlarining taraqqiyparvar va texnologik turlarini qo‘llashni ko‘zda tutish kerak. Loyiha ishlanmalarida fan va texnikaning qo‘l mehnatini keskin kamaytiruvchi eng oxirigi yutuqlarini qo‘llash kerak;
    -ishlab chiiqarishning texnik saviyasini sezilarli darajada o‘zgarishi, ishlab chiqarishga yangi texnikani joriy etilishi natijasida mehnatning mexanizatsiyalashish darajasi ortadi. Bu esa o‘z navbatida qo‘l mehnatini qisqartirish va ishlab chiqarishni jadallashtirishning ob’ektiv shart - sharoitlarini yaratadi. Yana shuni ham hisobga olmoq kerakki, hududiy jihatdan tarqoq holda bajariladigan yo‘llarni joriy ta’mirlash ishlarini mexanizatsiyalashtirish imkonini beradigan yo‘l texnikalarini yaratilishini ta’minlash kerak;
    -xodimlar malakasini oshirish, mehnat intizomini mustahkamlash va ishlovchilarning ijodiy faolligini oshirish.
    Ish haqi
    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Mehnatga haq to‘lash, pensiyalar va boshqa to‘lovlar miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida» 2019 yil 21 may PF-5723-son Farmonining ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 sentyabrdagi “Mehnatga haq to‘lash yagona tarif setkasini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 775-sonli qaroriga asosan Xodimlar mehnatiga haq to‘lashni tashkil etish asosi sifatida amalda qo‘llanib kelinmoqda.
    Ish haqi bu xodimga uning sarflagan mehnatining miqdori va sifatiga mos ravishda to‘lanadigan ijtimoiy mahsulot ulushining pul ko‘rinishidagi ifodasidir. Bunday taqsimot mehnat unumdorligini oshirishga xodimlarning ham individual, ham butun jamoa mehnati natijalaridan moddiy manfaatdorligiga sharoit yaratadi.
    Ish haqining tashkil etish asosida ishchilarning ish haqlarini diferensiya va tartibga soluvchi normativlar majmuasidan iborat bo‘lgan tarif tizimi yotadi. Mehnatga haq to‘lash tarif tizimining asosiy elementlari tarif stavkalari, tarif setkasi va tarif kvalifikatsiyasi ma’lumotnomasidir.
    Tarif stafkalari har xil ishchilar guruhlar uchun ish vaqti birligiga mehnatlari uchun yo‘llanadigan mutlaq haq miqdorini pul ko‘rinishida ifodalaydi, qabul qilingan vaqtining o‘lchov birligiga muvofiq ravishda soatbay, kunbay va oylik tarif stafkalari belgilanadi. Tarif stavkalari barcha kategoriya ishchilarning mehnatiga to‘lanadigan haq miqdorini aniqlovchi asosiy normativ qiymatdir. Ular mazkur tarmoqda ishlovchi ishchilarning mehnat sharoiti va intensivligini hamda tarmoqning iqtisodiyotda tutgan o‘rnini hisobga oladi.
    Tarif setkasi mehnatning murakkablik darajasi, qiyinligi va javobgarligini harakterlovchi tarif razryadlari majmuidan hamda har bir razryadga to‘g‘ri keladigan tarif koeffitsentlaridan iborat. Tarif koeffitsientlari biron bir razryadning tarif stavkasi 1 razryadning tarif stavkasidan necha marta ortiq ekanligini ko‘rsatadi, ya’ni

    Bu yerda,
    Ti-i razryadning tarif stavkasi;
    T1 -1 razryadning tarif stavkasi.
    Tarif kvalifikatsiya ma’lumotnomasi ma’lum bir razryad va kasbga tegishli ishchining kasbi bo‘yicha zaruriy bilimlar hajmi va malakasini aniqlash bo‘yicha ko‘rsatmalardan iborat.
    Tarif kvalifikatsiya ma’lumotnomasi asosida ishchilar tarifikatsiya qilinadi, ya’ni ishlarni qaysi tarif razryadiga tegishliligi aniqlanadi yoki ishchining malaka darajasiga ko‘ra uning tarif razryadi belgilanadi.
    Ishchining razryadi uning malakasini aniqlaydi, ish razryadi esa ushbu ishni bajarishi kerak bo‘lgan ishchining malaka darajasini belgilaydi. Ishchilar guruhining o‘rtacha malakasini aniqlash uchun ishchilarning o‘rtacha razryadi, ishlar guruhi uchun esa ishlarning o‘rtacha razryadi hisoblanadi.
    Qurilishda va ta’mirlash qurilish ishlab chiqarishda olti razryaddan iborat bo‘lgan yagona tarif setkasi amal qiladi. Unda qurilish va ta’mirlash qurilish ishlarida og‘ir va zararli mehnat sharoitlarida ishlovchi ishchilarning soat tarif stavkalari ham belgilangan.
    Ishlab chiqarish topshiriqlarini doimiy ravishda yuqori sifat bilan bajaruvchi, yangi kasb-hunar o‘zlashtirgan ishchilarga ish haqi fondi tejami hisobidan qo‘shimcha haqlar belgilanadi va to‘lanadi. Ish sifati pasaysa yoki brak mahsulot ishlab chiqarilsa qo‘shimcha haq to‘lanmaydi.
    Mehnat unumdorligining o‘sishi, mehnat sarfining kamayishi, ishlovchilar soning qisqarishi, ish vaqti yo‘qolishiga chek qo‘yilishi ish hajmining ortishi hisobiga ish haqi fondining tejalishi yuqorilashtirilgan razryadni amalga kiritish uchun mablag‘ ta’minotining muhim manbalari hisoblanadi. Avtomobil yo‘llari quruvchi va ularni ta’mirlovchi yo‘l tashkilotlarining faoliyatlari samaradorligini oshirish ishlovchilar mehnatiga haq to‘lash tizimi va uning taraqqiyparvarligiga ko‘p jihatdan bog‘liq.
    Mehnatga hak to‘lashning turlari va tizimlari ishchilarda mehnatning ilmiy asoslangan uslublari va usullarini qo‘llashga, ish vaqtidan mashina va uskunalaridan samarali foydalanishga va pirovard natijada, mahsulot ishlab chiqarishni, hamda uni sifatini oshirishga manfaatdorlik uyg‘otishi kerak. Xo‘jalik islohoti ishchilar mehnatiga haq to‘lashning eng samarali turlari va tizimlarini aniqlashda korxonalarga keng mustaqilliklar berilishini ko‘zda tutadi.
    Yo‘l xo‘jaligida hozirgi kunda mehnatga haq to‘lashning ikki turi mavjud: ishbay va vaqtbay. Ishchining malakasi va bajarilgan ishining miqdoriga muvofiq ravishda ish haqi hisoblanadigan mehnatga ishbay haq to‘lash, idividual zvenoga yoki brigadaga nisbatan qo‘llanilishi mumkin.
    Mehnat unumdorligi individual ishchi (zveno, brigada)ning ish sharoitiga malakasi va mehnati intensivligiga bog‘liq bo‘lgan hollarda mehnatga haq to‘lashning ishbay turini qo‘llash maqsadga muvofiq. Undan tashqari mahsulot ishlab chiqarishning belgilangan me’yoriy, qat’iy hisob- kitobi va bajarilgan ishlari sifatini nazorat qilishning mavjud bo‘lishi mehnatga haq to‘lashning ishbay turini qo‘llashning zarur shartlari hisoblanadi.
    Mehnatga haq to‘lashning ishbay turi to‘g‘ridan to‘g‘ri ishbay, mukofotli ishbay, akkord va mukofotli akkord turlariga bo‘linadi.
    To‘g‘ridan to‘g‘ri ishbay tizim bir birlik mahsulotga to‘lanadigan haq asosida hamma bajarilgan ish hajmiga ish haqi to‘lanishini ko‘zda tutadi. To‘g‘ridan to‘g‘ri ishbay to‘lashning yana bir turi akkord haq to‘lash bo‘lib, bunda ish haqi tugallangan ish majmui uchun to‘lanadi. Brigada (zveno)ga beriladigan akkord naryadda ishning boshlanish va tugatilish muddatlari, kalkulyatsiya bo‘yicha aniqlangan ish haqining miqdori ko‘rsatiladi.
    Mukofotli ishbay tizimda, ishbay to‘lanadigan haqdan tashqari erishilgan ma’lum bir miqdorda yoki sifat ko‘rsatkichlari uchun mukofotlar ham to‘lanadi. Mahsulot ishlab chiqarishiga ishchi o‘z ta’sirini o‘tkaza olmaydigan, bajarilgan ish hajmi va sifatini aniq nazorat qilib bo‘lmaydigan, hamda mahsulot ishlab chiqarishning belgilangan me’yorlari mavjud bo‘lmagan hollarda mehnatga haq to‘lashning vaqtbay turi qo‘llaniladi.
    Mehnatga haq to‘lashning vaqtbay turida ishchining ish haqi bajarilgan ishlar hajmiga bog‘liq bo‘lmaydi va uning miqdori ishchining razryadiga muvofiq tarif setkasi asosida hisob-kitob qilinayotgan davrda ishchining ishlagan vaqtiga ko‘ra aniqlanadi.
    Mehnatga haq to‘lashning vaqtbay turi oddiy vaqtbay va mukofotli vaqtbay turlariga bo‘linadi.
    Mukofotli vaqtbay haq to‘lash qurilish mashinalariga hizmat ko‘rsatuvchi ishchilar mehnatiga haq to‘lashda qo‘llaniladi. Bu tizimda mashina va mexanizmlarni boshqarish va ta’mirlash, elektr, issiqlik uskunalari, suv o‘tkazish tarmoqlarini ta’mirlovchi ishchilarga oylik tarif stavkasidan 20-60 foiz miqdorida mukofotlar to‘lanadi. Ish rejaning bajarilishiga bevosita ta’sir etadigan mashina va mexanizmlarga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash, uskunalarga xizmat ko‘rsatuvchi va boshqa ishchilarga oylik tarif stavkasining 20 foizi miqdorida mukofot to‘lanadi.
    Mukofotlar to‘lanishi uchun zaruriy shart uchastka tomonidan oylik qurilish - montaj ishlari rejasining bajarilishi, vaqtbay ishlovchilar aybi bilan bekor turib qolishlar va avariyalar sodir etilmasligi sanaladi.
    Inshootlarning mustahkamligi va uzoq muddat ishlashni ta’minlash uchun mas’uliyatli ishlarda band bo‘lgan ishchilar uchun ham mukofotli vaqtbay tizim bo‘yicha tarif stavkasidan 30-40 foiz miqdorida mukofot to‘lanadi.
    Ishchilar mehnatini tashkil etish va unga haq to‘lashning yanada rivojlangan taraqqiyparvar turi brigada pudratidir. Brigada pudratining iqtisodiy asosida, brigada faoliyatiga bog‘liq ravishda o‘zgaradigan, rejalashtirilgan va amalda sarflangan mehnat hamda moddiy-texnik resurslar miqdorini solishtirish yotadi. Ishlab chiqarish topshiriqlarining bajarish muddatlariga amal qilingan va ish sifati ta’minlanganda brigadaning ish haqi ishbay bo‘yicha to‘lanadigan, rejalashtirilgan xarajatlarning kamayishi tufayli erishilgan tejam uchun to‘lanadigan mukofotdan iborat bo‘ladi. Ish hajmini bajarish uchun rejalashtirilgan xarajatlarni kamaytirish hisobiga erishilgan tejam uchun quyidagi miqdorlarda mukofotlar to‘lanadi: materiallar tejami uchun 60 foizgacha, qurilish mashinalarini tasarruf etish va ustama xarajatlar tejami uchun 40 foizgacha, tegishli modda bo‘yicha tejalgan summadan mukofot to‘lanadi. Umumiy to‘lov summasining 80 foizi ishchilarga, 20 foizi rahbar xodimlar va mutaxassislarga to‘lanadi. Bu mukofotlar ishlovchilarga mukofotlarning yuqori chegarasidan tashqari to‘lanadi.
    Rahbar xodimlar, mutaxassislar va xizmatchilar mehnatiga haq to‘lash belgilangan mansab oyliklari asosida, ulardan talab etilayotgan malaka, javobgarlik darajasi va yo‘l tashkiloti tomonidan bajariladigan yillik ish hajmiga muvofiq ravishda amalga oshiriladi.
    Hozirgi paytda barcha qurilish tashkilotlari rahbar xodimlar mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha guruhlarga differensiyalangan.
    Bajarilgan ishlarning murakkabligini hisobga olish va tashkilotlar faoliyatlari sharoitlarini solishtirishni ta’minlash maqsadida qurilish- montaj ishlari hajmiga to‘g‘rilash koeffitsentlari belgilangan. Masalan, avtomobil yo‘llari va ko‘priklar qurishda tashkilotning tasdiqlangan yillik rejasida shu turdagi ishlar asosiy profil bo‘yicha kamida 75 foizni tashkil etishi kerak.
    Oylik ish haqlarida mutaxassislik, bajariladigan ishlarning murakkabligi va javobgarligini to‘laroq hisobga olish, mutaxasisliklar va ayniqsa injenerlar va iqtisodchilar mehnatining qadrini ko‘tarish maqsadida malaka kategoriyalari kiritilgan (injener, II kategoriya injeneri , I kategoriya injeneri, yetakchi injeneri) bu o‘z navbatida minimal va maksimal maoshlar o‘rtasidagi farqni hosil qiladi.
    Mansab maoshlari tizimi har bir ishlovchi uchun bosqichma-bosqich maosh miqdori bo‘yicha ilgarilab borish imkonini beradi, undan tashqari uning maoshi malaka kategoriyasi bo‘yicha siljish hisobiga ham ortib borishi mumkin (oddiy injenerdan yetakchi injener darajasigacha).
    Malaka kategoriyasi har bir mutaxassis uchun alohida berilib, u mutaxassis mehnatining natijalariga, sifatiga va erishgan muvaffaqiyatlariga berilgan baho sanaladi.
    Mansab maoshlarini belgilashda mutaxassislar va xizmatchilar mansablarini bajariladigan ishlarning mazmuni va ularning yuklanganlik darajalarini hisobga olgan holda birgalashtirish imkoniyatlari hisobga olinadi. Bo‘lim rahbarlari, mutaxassislar va xizmatchilar uchun qo‘shimcha to‘lovlar belgilanishi mumkin.
    Barcha turdagi mutaxassis injenerlar, iqtisodchilar, konstruktorlar, texnologlar geodezistlar, masterlar, katta ish bajaruvchilar va boshqa mutaxassislarning mansab maoshlari tashkilotning ish haqi to‘lash bo‘yicha qaysi guruhga mansubligidan qat’iy nazar belgilanadi. Bunda katta ish bajaruvchilar va ish bajaruvchilarning maoshlari ular ishlayotgan tashkilot va xo‘jalik hisobidagi uchastkalarning bosh muxandislari va boshliqlari maoshlaridan yuqori bo‘lmasligi kerak.
    Yo‘l xo‘jaligi ishlovchilari mehnatlariga haq to‘lashni takomillashtirish tadbirlari tizimida har bir ishlovchining butun jamoa mehnatining eng yaxshi natijalaridan manfaatdorlikni ta’minlovchi mukofotlashga katta ahamiyat beriladi, bunda eng kam ishlab chiqarish xarajatlari bilan eng yuqori sifat ko‘rsatgichlariga erishish asosiy omil sanaladi. Yo‘l xo‘jaligi xodimlari ishlab chiqarish quvvatlarini o‘z vaqtida topshirilganligi, qurilish ob’ektlarini o‘z vaqtida foydalanishga topshirilganligi, asosiy faoliyatlari natijalari, yangi texnikalarni ishlab chiqish intensivligini va samaradorligini oshirish bo‘yicha erishilgan natijalarga ko‘ra mukofotlanadilar.
    Birlashma, korxona va tashkilotlarning o‘ziga xos funksiyalarini to‘la hisobga olish maqsadida ularning rahbarlariga kasaba uyushmasi bilan kelishilgan holda ishlovchilarni mukofotlash to‘g‘risida nizomlar ishlab chiqish va tasdiqlash huquqi berilgan.
    Mukofotlash tizimlari avtomobil yo‘llari rivojlanishining konkret ko‘rsatgichlari, ularning transport tasarruf saviyasini yaxshilashi, mehnat unumdorligining o‘sishi, qurilish-montaj, yo‘llar va yo‘l inshootlarini ta’mirlash ishlari tannarxining pasayishi, moddiy, mehnat va moliyaviy resurslarning tejalishi yo‘lida alohida ishlovchilar guruhi va har bir ishlovchining real imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishga yo‘naltirilgan.
    Nazorat uchun savollar
    Yo‘l xo‘jaligida mehnat unumdorligini o‘sishining ahamiyati nimalarda ko‘zga tashlanadi?
    Mehnat unumdorligini o‘lchashning qanaqa uslublari bor?
    Yo‘l xo‘jaligida mehnat unumdorligiga ta’sir etuvchi omillarini ayting.
    Yo‘l xo‘jaligida haq to‘lashning turlari va tizimlarini ayting.
    Ish haqini tashkil etishda tarif tizimining roli qanday?
    Rahbar xodimlar, mutaxassislar va xizmatchilar mehnatiga qanday haq to‘lanadi?
    Ish haqini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari nimalardan iborat?

    Download 4,89 Mb.
    1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   30




    Download 4,89 Mb.

    Bosh sahifa
    Aloqalar

        Bosh sahifa



    -MAVZU. YO‘L XO‘JALIGIDA MEHNAT RESURSLARI, ISh UNUMDORLIGI VA MEHNATGA HAQ TO‘LASh

    Download 4,89 Mb.