57
Atrof-muhit holati to‘g‘risida milliy ma’ruza: O‘zbekiston
6.1.2 Holat va ta’sir
Atmosferadagi issiqxona gazlari konsentratsiyasining oshishi natijasida havoning isishi va bashorat
qilib bo‘lmaydigan ob-havo sharoiti kabi iqlim o‘zgarishi oqibatlarini
barcha joyda kuzatish
mumkin. BMTning Jahon meteorologiya tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 1880-yildan hozirgi
kunga qadar yer sirti havo qatlamining global o‘rtacha yillik harorati 1 gradusga oshgan; 2017-yilda
sanoat rivojlanishigacha bo‘lgan darajadan yuqori bo‘lib, har o‘n yilda 0,2°C ga ko‘tariladi (yuqori
darajadagi ishonch bilan) (Allen et al., 2018; Crippa et al., 2021).
O‘zbekiston iqlim o‘zgarishiga nisbatan juda zaif davlatlar qatoriga kiradi. 1880-yildan buyon
mamlakatda o‘rtacha yillik harorat 1,6 darajaga (13,2 dan 14,8°C darajagacha) ko‘tarilib, dunyo
miqyosida kuzatilgan o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqoridir. Prognozlarga ko‘ra, 2030–2050-yillarda
Markaziy Osiyo mintaqasida havo harorati yana 1,5–3 darajaga oshishi mumkin. Bunda, Orolbo‘yi
mintaqasida (Qoraqalpog‘iston
Respublikasi, Xorazm viloyati) havo haroratining eng yuqori
darajaga ko‘tarilishi kutilmoqda, chunki u yerda Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq o‘ziga xos
mahalliy iqlim o‘zgarishlari mavjud.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, mamlakatdagi iqlim o‘zgarishi ekstremal
ob-havo hodisalarining
kuchayishi, muzliklar degradatsiyasi, chang bo‘ronlari sonining ko‘payishi, yerlarning sho‘rlanishi
va cho‘llanishi, aholi punktlarida suv toshqini va sellarning paydo bo‘lishi bilan birgalikda kechadi.
Xususan, O‘zbekistonda so‘nggi 5 yil ichida havo harorati 40°C dan yuqori bo‘lgan kunlarning
maksimal soni o‘rtacha ko‘rsatkichdan 5-7 kunga, Orol dengizi va Amudaryoning quyi oqimi
hududida esa 12-17 kunga oshdi.
O‘zbekiston
uchun yozi issiq, bahori nisbatan nam, qishi esa beqaror bo‘lgan sutkalik mavsumiy
havo harorati o‘zgarishlari amplitudasi bilan kontinental va subtropik iqlim xosdir. Yozda
maksimal
harorat 45°C dan oshadi, qishda esa minimal harorat – 20°C dan ancha pastga tushadi. Qish va
bahor oylarida sovuq havo shamol va kuchli yog‘ingarchilik bilan birgalikda kirib keladi, shuning
uchun yog‘ingarchilik, asosan noyabrdan may oyiga qadar davom etadi (O‘zbekiston
uchun
o‘rtacha yillik me’yorning taxminan 90%).
Issiqlik va haroratning ko‘tarilishiga kelsak, Markaziy Osiyoda quyosh radiatsiyasining yuqori
darajasi, ayniqsa issiq cho‘llar (Qoraqum va Qizilqum) ustida kuchli issiqlik o‘choqlarining paydo
bo‘lishi uchun sharoit yaratadi. Cho‘l hududlarida yozgi haroratning
mutlaq maksimal darajasi
45–49°C ga yetadi. O‘zgidrometning iqlim monitoringi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda
1880-yildan buyon mamlakatda haroratning o‘rtacha yillik oshishi 1,6 darajani (13,2 dan
14,8°C gacha) tashkil etgan, ya’ni issiq harorat tezligi dunyo miqyosida kuzatilgan o‘rtacha
ko‘rsatkichdan yuqori.