Qizilo‘ngach divertikullari




Download 2.74 Mb.
bet17/23
Sana04.04.2017
Hajmi2.74 Mb.
#2867
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   23
Qizilo‘ngach divertikullari

Qizilo‘ngach divertikullari - qizilo‘ngach devorining chegaralangan bo‘rtib chiqqan joylaridir. So‘nggi vaqtlarda qizilo‘ngach divertikullari, ilgari tasavvur qilinganidek, kam uchraydigan kasallik emasligi aniqlandi. Bu klinik amaliyotga rentgenologik tadqiqotlarning keng joriy qilinishi, aholining profilaktik maqsadlarda yalpi rentgenologik tekshiruvlardan o‘tkazilishi bilan bog‘liq. Rokitansky, 1840 yildayoq divertikullarni pulsion va traksion turlarga bo‘lgan edi.

Pulsion divertikullar qizilo‘ngach bo‘shlig‘ida uning qisqarishlari vaqtida paydo bo‘ladigan bosim ta'siri ostida qizilo‘ngach devorining bo‘rtib chiqishi natijasida hosil bo‘ladi, traksion divertikullarning paydo bo‘lishi esa atrof to‘qimalardagi yallig‘lanish jarayoni va qizilo‘ngach devorini kasal a'zo yo‘nalishida tortadigan (tractio) chandiqdar hosil bo‘lishi bilan bog‘liq (o‘pka ildizlari sohasida limfatik tugunlarga tomon yo‘nalishda yoki bu tugunlar sildan zararlanganda yuz beradigan traxeya bifurkatsiyasida).

Ko‘pchilik tadqiqotchilar traksion mexanizm divertikul rivojlanishi-ning boshidagina kuzatiladi, deb hisoblaydilar. Keyinchalik divertikul kattalashadi va pulsion mexanizm ta'siri ostida o‘z shaklini o‘zgartiradi. Bu xildagi divertikullar pulsion-traksion divertikul nomini olgan.

Qizilo‘ngach divertikullarini pulsion, traksion va aralash (pulsion-traksion) turlarga bo‘lish bilan birga ularning joylashuvi bo‘yicha klassifikatsiyasi ham qabul qilingan. Shu tariqa halqum-qizilo‘ngach yoki Senker divertikullari, epibronxial (bifurkatsion, o‘rta qizilo‘ngach), epifrenal (epidiafragmal) va boshqa kam uchraydigan xillari farq qilinadi. Yu. ye. Berezov va M. S. Grigorevning yig‘ma statistikasi bo‘yicha ko‘proq halqum-qizilo‘ngach divertikullari (58,7%), so‘ngra epibronxial (27,2%) va epifrenal divertikullar (13,4%) uchraydi.

Shuningdek tug‘ma va orttirilgan, haqiqiy va soxta divertikullar farq qilinadi. Tug‘ma divertikullar kamdan-kam uchraydi. Ko‘pchilik hollarda ular orttirilgan bo‘ladi. Devori normal qizilo‘ngach devorining xamma qatlamlarini saqlagan divertikullar «haqiqiy», devori mushak qatlamidan mahrum bo‘lgan divertikullar «soxta» degan nom olgan. Soxta divertikullar prognostik jihatdan yomonroq, chunki qisilib qolishi, cho‘zilishi va hatto teshilishi mumkin. Qizilo‘ngach divertikullari aksariyat 5 dan 70 yoshgacha, ayollarda erkaklarga nisbatan birmuncha ko‘proq uchraydi.

Halqum-qizilo‘ngach divertikullari ko‘pincha ularni batafsil tasvirlagan Zencer nomi bilan Senker divertikullari deyiladi. Halqum-qizilo‘ngach divertikullari aslini olganda halqum distal bo‘limining divertikullari hisoblanadi, biroq, ularning paydo bo‘lishi ko‘pincha qizilo‘ngach funksiyasining buzilishi bilan o‘tadi, shuning uchun qizilo‘ngach patologiyasini bayon qilishda ushbu kasallik ustida to‘xtalib o‘tish o‘z-o‘zidan joiz hisoblanadi.

Senker divertikuli paydo bo‘lishida, aftidan, mexanik omil - ovqat luqmasining halqum devorining kuchsiz joyini ko‘p bosib turish, ehtimol, halqum mushaklari va qizilo‘ngachga kirish qismidagi mushaklar qisqarishining uyg‘unligi buzilishi asosiy ahamiyat kasb etsa kerak. Ayrim mualliflar halqum, halqum-qizilo‘ngach divertikullari rivojlanishida embriologik shart-sharoitlarning ahamiyatiga ishora qilib, embrionda halqum devoridagi shu xildagi bo‘rtmalarni qayd qiladilar.

Patologik anatomiyasi. Divertikul asta-sekin bir necha yillar ichida rivojlanadi. Halqum quyi bo‘limi orqa devorida hosil bo‘lgan divertikul qizilo‘ngachning orqa devori va umurtqa pog‘onasi orasida pastga tushadi. Diivertikul teshigi odatda enlik va halqumning to‘g‘ridan-to‘g‘ri davomi hisoblanadi va qizilo‘ngach kirish qismi oldinga, hiqildoqqa siljigan. Divertikul katta-kichikligi har xil - kichkina botiqlikdan to nok kattaligigacha bo‘ladi. U ovqat bilan to‘lganda qizilo‘ngachni oldinga qisib qo‘yadi va yutishni juda qiyinlashtiradi. Divertikul qopchasida mushak tolalari bo‘lmaydi va odatda atrofdagi to‘qimalar bilan yopishib ketmagan bo‘ladi. Divertikulning ichki yuzasi halqum shilliq pardasi bilan qoplangan. Ba'zan yuzasida eroziyalari bilan donador yoki yassi chandiqlari bo‘ladi.

Klinik manzarasi. Kichik divertikul bir necha yilgacha yuzaga chiqmasligi yoki halqumda achishish, qirilish sezgisi, yo‘tal, h,alqumda yot jism bordek his qilish, yutinish buzilishi, ko‘p so‘lak oqishi, og‘izdan badbo‘y hid kelishi, ko‘ngil aynishi kabi simptomlarni paydo qilishi mumkin. Ko‘ngil aynish belgisi ba'zan me'da kasalligi to‘g‘risida o‘ylashga majbur etadi. Divertikul qopchasi kattalashuvi bilan bir vaqtda yutishning buzilishi paydo bo‘ladi. Bemorga hiqildoq orqasida ovqat to‘xtab qolayotgandek tuyuladi, agar qopcha katta bo‘lsa, qizilo‘ngachning yuqori qismida to‘xtab qolayotgandek bo‘ladi. Ovqat luqmasi to‘xtashi Bensaude va Gregorie «Blokada fenomeni» deb tasvirlagan qator simptomlar bilan o‘tadi: bemor yutish harakatlari qiladi, shundan keyin yuzi qizarib, nafasi qisa boshlaydi. qayt qilganidan keyin yengil tortadi. Agar qayt qilmasa, boshi aylanadi, qisman hushdan ketish holati yuzaga keladi.

Regurgitatsiya yoki qayt qilish har kuni bo‘lsada, ovqat divertikulda kamdan-kam bir necha kun turib qoladi. Divertikul suyuqligining regurgitatsiyasi va uning nafas yo‘llariga tushishi aspiratsion zotiljam kasalliklariga sabab bo‘ladi. Boshqa simptomlardan qaytuvchi nerv bosilishi oqibatida paydo bo‘ladigan tovush bug‘ilishi, traxeyaning bosilishi sababli nafas olish qiyinlashuvini ko‘rsatib o‘tish mumkin.

Umumiy holat bir necha yilgacha unchalik o‘zgarmay qoladi. Qator hollarda bemor ozib ketadi. Ko‘zdan kechirilganda ko‘pincha bo‘yinda bo‘rtib chiqqan joy ko‘rinadi (bosh orqaga tashlanganda). Ba'zan u buqoqni eslatadi. Bo‘rtma yumshoq konsistensiyali bo‘lib, bosilganda kichiklashadi. Bemorga suv ichirib bo‘rtib chiqqan joy urib ko‘rilganda chayqalish shovqinini eshitish mumkin (Kuper belgisi). Rentgenologik tekshirishda kontrast modda divertikulni to‘ldiradi, so‘ngra esa qizilo‘ngachga o‘tadi. To‘lgan divertikul qizilo‘ngachning orqa yoki yon tomonidan ko‘rinib turadi.





Download 2.74 Mb.
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   23




Download 2.74 Mb.