17-modda. Televidenie va radiodagi reklama
Teleradiotashkilotlar uchun reklamaga ajratilgan ko‘rsatuv (eshittirish) vaqti ko‘rsatuvning (eshittirishning) har bir soatiga 10 foizdan oshib ketmasligi kerak. Bu talab ko‘rsatuvning (eshittirishning) ixtisoslashtirilgan reklamaviy kanallariga tatbiq etilmaydi.
45 minutdan ortiq davom etadigan konsert-tomosha va sport dasturlari, kino- va telefilmlar reklama uchun to‘liq 45 minutlik vaqt oralig‘ida ko‘pi bilan bir marta uzib qo‘yilishi mumkin. Reklama bu ko‘rsatuvlarning (eshittirishlarning) boshlanishi oldidan va (yoki) ular tugaganidan so‘ng joylashtirilishi ham mumkin. 10 minutdan kam davom etadigan teleko‘rsatuvlarga (radioeshittirishlarga) umuman, 10 minutdan ortiq davom etadigan teleko‘rsatuvlarga (radioeshittirishlarga) esa bu teleko‘rsatuvlarning (radioeshittirishlarning) mualliflik huquqi egasi bilan kelishmasdan turib reklama joylashtirilishi mumkin emas.
Davlat anjumanlari va marosimlari olib ko‘rsatilayotgan (eshittirilayotgan) paytda uni uzib turib reklamani ko‘rsatish (eshittirish) taqiqlanadi.
Bolalar davrasiga (o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lganlarga) mo‘ljallangan ko‘rsatuvlarda (eshittirishlarda) reklama taqiqlanadi. Bu taqiq ijtimoiy reklamali axborotga tatbiq etilmaydi.
Dasturlarning reklama qismlari tovushini teleradiodasturning tovushiga nisbatan balandroq qilish taqiqlanadi. (O‘zR 30.08.2002 y. Qonuni tahriridagi qism)
Teleko‘rsatuvlar namoyish etilayotganda reklama maqsadlarida harakatlanuvchi satrlardan foydalanish taqiqlanadi, reklama berilayotgan paytdagi harakatlanuvchi satrlar bundan mustasno. (O‘zR 30.08.2002 y. Qonuni tahriridagi qism)
O‘zR 30.08.2002 y. Qonuniga muvofiq beshinchi va oltinchi qismlari tegishincha yettinchi va sakkizinchi qismlar deb hisoblansin
Teleko‘rsatuvlarning boshlovchilari, diktorlari va boshqa qatnashchilari reklama uchun ajratilgan vaqtdan tashqari paytda mahsulotni bilaturib namoyish qilish yoki uning iste’mol xususiyatlarini bevosita yoki bilvosita tavsiflash huquqiga ega emas.
Televidenie va radio xodimlariga axborot niqobi ostida reklama bilan shug‘ullanish, ya’ni mahsulot ishlab chiqaruvchining rekvizitlarini, joylashgan manzilini, telefon raqamini, mahsulotning tijorat belgilarini ko‘rsatish taqiqlanadi.
|