139
Май 2021 10-қисм
Тошкент
HOZIRGI ZAMON PSIXOLOGIYASINING TAMOYILLARI
Shukurova O’g’iloy Umaraliyevna
GulDU Pedagogika va psixologiya
kafedrasi katta o’qituvchisi
Suyunov Azmiddin
GulDU talabasi
Annotatsiya.
Maqolada hozirgi zamon
psixologiyasi tamoyillarining tarixiy asoslari va
shakllari tahlil qilingan.
Kalit so’zlar:
bixeviorizm, freydizm, “mustaqillik”, “tanqidiylik”, shaxsning individual
xususiyatlari, hissiy-irodaviy.
Psixologiya fanining rivojlanishi qator bosqichlarni o’z ichiga qamrab olib, bu davrlarda
samarali tadqiqot ishlari olib borilgan. Aynan tadqiqot ishlarini samarali bo’lishi uchun fan
doirasida tamoyillarni ishlab chiqish uchun zarurat sezila boshladi. Bu boradagi ishlar Amerika
va boshqa chet el psixologiyasi yo’nalishlari namoyondalari tomonidan ilgari surildi. XX asr
boshlarida bixeviorizm, freydizm yo’nalishlari vujudga kelgan edi. Bixeviorizm yo’nalishi
hayvonlarda o’tkazilgan kuzatishlar natijasiga asoslangan bo’lib, uning namoyondalari E.Torndayk
va Dj.Uotsonlar hisoblanadi. “Bixeviorizm” ingliz tilida “xulq-atvor” degan ma’noni bildiradi.
Bu oqim psixika va ongni inkor qilib, xulq bilan tashqi muhit o’rtasidagi munosabatlarni,
qonuniyatlarni tekshirishni taklif qiladi. Ularning fikricha, psixologiyaning vazifasi stimulga
(qo’zg’atuvchi), ya’ni sezgi a’zolariga ta’sir qilayotgan qo’zg’atuvchiga o’q otish, unga qanday
javob reaksiyasi bo’lishini, yoki bunday reaksiyani qanday stimul tug’dirishini oldindan aytib
bera olishdan iborat. Bixevioristlarning formulasi “S -> R” dir.
Freydizm yo’nalishiga venalik psixiatr Z.Freyd asos solgan. Uning fikricha, odam mohiyatiga
ko’ra hayvonga o’xshaydi. Odamning xulq-atvori va xarakatlari ikkita tamoyilga: rohatlanish va
reallik tamoyiliga bo’ysundirilgan bo’ladi. Bu oqim ham insonning ongiga ishonmaydi Z. Freyd
o’zining psixologik nazariyasini odam haqidagi, jamiyat va madaniyat haqidagi umumiy ta’limotga
aylantirib, qarb mamlakatlarida katta e’tibor qozondi.
1923-yilda psixologlarning birinchi yig’ilishida K.N.Kornilov psixologiyani qayta qurish
vazifasini ilgari surdi. Psixologiya fanini rivojlantirishda judayam katta rol o’ynagan psixologlar
quyidagilar: B.Ananev, P.P.Blonskiy, S.L.Rubinshteyn, LS.Vigotskiy, R.S.Nemov va boshqalar,
shuningdek keyinchalik o’zbekistonda ham yirik olimlar yetishib chiqdi. Ular jumlasiga
M.G.Davletshin, E.G’.G’oziev, M.Voqidov, V.A.Tokareva. R.Z.Gaynutdinov, V.M.Karimova,
G’.B.Shoumarov, R.I.Sunnatova, Z.T.Nishonova va boshqalarni kiritish mumkin. Yuqorida
nomlari tilga olingan olimlar o’zlarining g’oyalari va milliy mafkuralar bilan yoshlarda tafakkur
sifatlaridan “mustaqillik”, “tanqidiylik” kabilarni shakllantirishga e’tibor bermoqdalar.
Hozirgi mustaqillik sharoitida psixologiyaga bo’lgan talab-ehtiyoj juda kuchayib ketdi.
Yoshlar ma’naviyatini boyitish uchun ularning dunyoqarashi, tafakkuri, irodasi, umuman olganda
ongini o’stirish zarur. Buning uchun eksperimental ishlarni kuchaytirishi, ta’lim jarayonini yangi
texnologiyalar asosida qayta qurishi lozim. hozirda Respublikamiz universitetlarining psixologiya
bo’limlari, kafedra, laboratoriyalari ilmiy fikrlar markaziga aylantirildi.
Mazkur muassasalarda psixologik tadqiqotlar o’tkazilib, psixik jarayonlar, holatlar, shaxsning
individual xususiyatlari, hissiy-irodaviy sohasiga doir nazariy va amaliy bilimlar ho’lga kiritildi.
Ayniqsa, fan sohasida tadqiqotlar shu darajada ko’paydiki, ular ma’lum qonun qoidaga tayanishi
lozim. Shu bois olib borilayotgan izlanishlarga asos bo’lishi uchun tamoyillar ishlab chiqildi.
Shunga ko’ra psixologiyaning tamoyillari quyidagicha: 1. Determinizm tamoyili; 2. Ong va
faoliyat birligi tamoyili; 3. Psixika va ongning faoliyatda rivojlanishi tamoyili.
Tamoyil - ma’lum faoliyatni bajarishda tayaniladigan dastlabki qoidalar tizimidir. Determinizm
tamoyiliga ko’ra, psixika yashash sharoiti bilan belgilanadi va sharoit o’zgarishi bilan o’zgaradi.
hayvonlar psixikasining taraqqiyoti tabiiy saralanish bilan, odam psixikasi taraqqiyoti esa ijtimoiy
taraqqiyot qonunlari bilan belgilanadi.