170
Tekshirish bazasi deb, shunday sirt, chiziq yoki nuqtalarga aytiladiki, bunda
dastgohda ishlov berishda xomakini yoki kesuvchi asbobni hamda yigʻma birikma
yoki uning detallari holati ana shu sirt, chiziq yoki nuqtalarga qarab toʻgʻrilanadi.
Bu usul ogʻir mashinasozlikning mayda seriyali va yakka ishlab chiqarishlarida keng
qoʻllaniladi. Bunday ishlab chiqarish sharoitlarida murakkab moslamalar tayyorlash
va kontakt bazalari boʻyicha aniq ishlov berish norentabel hisoblanadi. Dastgohda
xomakini toʻgʻrilash uchun sarflanadigan vaqt sarfi
xomakini tayyorlash uchun
sarflanadigan umumiy vaqtning juda oz qismini tashkil qiladi. Mayda seriyali ishlab
chiqarishda tekshirish sirtlari sifatida koʻpgina detalning ishlov beriladigan
sirtlaridan foydalaniladi. Masalan, quyish usulida olingan ekssentrikli xomakida
teshikni yoʻnib kengaytirishda qoʻyim notekisligi taʼsirini
kamaytirish va
yoʻnishdagi xatoliklarni kamaytirish uchun tokar dastlab xomakini toʻrt kulachokli
planshaybaga oʻrnatadi va ishlov berilmagan teshik boʻyicha uning aylanish oʻqi
bilan markazlashishini toʻgʻrilashga harakat qiladi. Bunday holda ishlov beriladigan
teshikning sirti xomakini oʻrnatishda texnologik tekshirish bazasi boʻlib xizmat
qiladi. Yassi detalning bir tomonini xuddi shunday tarzda frezalashda va uni tayanch
bazasiga oʻrnatishda juda koʻp metall qatlamini kesib olishga toʻgʻri keladi. Ishlov
beriladigan sirtlarni tekshirish bazasi sifatida qoʻllanilganda,
ishlov berishdagi
qoʻyim va shunga mos tarzda operatsiyani bajarish uchun ketadigan vaqt ham ancha
qisqaradi.