30
organ bu jinoyatni mulkiy jinoyatlar guruhiga kiritgan. Chunki shaxs o'zganing mulkini g'ayriqonuniy ravishda egallash
uchun hujum qiladi. Subyektning asosiy maqsadi shaxsni hayotdan mahrum qilish yoki badaniga shikast yetkazish
emas, balki o'zganing mulkini g'ayriqonuniy yo'l bilan egallashning eng xavfli usulini tanlagan va bunda mulk egasining
qarshiligini sindirish maqsadida uning hayoti yoki sog'lig'i uchun xavfli bo'lgan zo'rlik ishlatadi. Shunga ko'ra,
bosqinchilik jinoyatida mulk asosiy obyekt sifatida qatnashadi. Jabrlanuvchining hayoti yoki sog'lig'i uchun xavfli
bo'lmagan hujum bosqinchilik jinoyatini tashkil qilmaydi va hokazolar.
Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismida
shunday jinoyatlar borki, bu jinoyatlar tarkibi uchun jinoyat predmeti
ushbu jinoyat tarkibi uchun zaruriy belgi sifatida jinoyat tarkibi doirasiga kiradi. Masalan, Jinoyat kodeksining 176-
moddasida qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog'ozlar yasash, ularni o'tkazish jinoyat-larida bu narsalar
jinoyatning predmeti sifatida shu jinoyat tarkibi doirasiga kiruvchi zaruriy belgi hisoblanadi.
«Maxsus» qismdagi bir qator jinoyatlar tarkibi uchun jinoyat sodir qilish vaqti, joyi, usuli va hokazolar jinoyat
tarkibi doirasiga kiritilib, jazoni og'irlashtiruvchi holat sifatida nazarda tutilgan.
Jumladan, Jinoyat kodeksining 97-moddasi, 2-qismi, «j» bandida o'ta shafqatsizlik bilan, «1» bandida bezorilik
oqibatida odam o'ldirish nazarda tutilib, usul zaruriy belgi sifatida qatnashmoqda. Odam o'ldirishni («e» bandi)
ommaviy tartibsizliklar jarayonida sodir qilganlik uchun
javobgarlik belgilanib, vaqt zaruriy belgi sifatida
qatnashmoqda, uy-joyga kirib bosqinchilik, talonchilik yoki o'g'rilik jinoyatini sodir qilish jinoyatida jinoyat joyi jinoyat
tarkibi doirasiga kiritilib qilmishni kvalifikatsiya qilishning zaruriy belgisi sifatida qatnashmoqda.
«Maxsus» qismning asosiy ko'pchilik moddalarida jinoiy oqibatning miqdori yoki darajasi jinoyat tarkibi
doirasiga zaruriy belgi sifatida kiritilgan. Masalan, talonchilik (Jinoyat kodeksining
166-moddasi) ancha miqdorda qilinsa, ushbu moddaning 2-qismi («b» bandi), ko'p miqdorda qilinsa, 3-qismi
(«v» bandi), juda ko'p miqdorda qilinsa, 4-qismi («a» bandi) bilan javobgarlik belgilangan.
«Maxsus» qismning bir qancha moddalarida jinoyat subyektiv tomonining fakultativ
belgisi hisoblangan
jinoyatning motivi va maqsadi zaruriy belgi sifatida jinoyat tarkibi doirasiga zaruriy belgi sifatida kiritilgan.
Jumladan, 97-moddaning 2-qismi, «i» bandida g'araz maqsad-larda odam o'ldirish, 133-moddaning 2-qismi, «a»
bandida o'lgan odamning a'zolarini g'arazgo'ylik yoki boshqa past niyatlarda ajratib olish uchun, 139-moddaning 3-
qismi, «g» bandida tuhmat, g'arazgo'ylik yoki boshqa past niyatlarda sodir qilganlik uchun javobgarlik belgilangan va
hokazolar.
Subyektning fakultativ belgilari sifatida shaxsning individual xususiyatlari hisobga olinishi mumkin. Masalan,
subyektning tibbiyot xodimi, mansabdor shaxs ekanligi, xavfli yoki o'ta xavfli retsidivist ekanligi va hokazolar.
Yuridik adabiyotlarda jinoyat tarkibi fakultativ belgilar ahamiyatining uch jihatini ko'rsatadi.