29
bo‘ladi. Ba’zan bolalar dam olishi va o‘ynashi uchun joylar, shuningdek sport
inshootlari (basseynlar, sport zallari, sport maydonchalari va b.) ham nazarda tutiladi.
Kurort mehmonxonalarining nomerlar fondi asosan bir-ikki o‘rinli nomerlardan
tashkil topadi. Ayrim hollarda nomerda uxlash uchun uchinchi o‘rinni (bola uchun)
joylashtirish imkoniyati nazarda tutiladi. Kurort mehmonxonasida mijozlar nisbatan
uzoq muddat (1 oygacha) yashaganligi uchun nomerlarda kiyim-kechak va
choyshablarni saqlash uchun nisbatan katta shkaflar o‘rnatiladi. Nomerda kunduzgi
dam olish zonasi ajratiladi. Bu zona lojiya, balkon, verandani qamrab oladi.
Kurort mehmonxonalari qulay tabiiy-iqlimiy sharoitlarga ega joylarda: dengiz
sohilida, ko‘l yaqinida, shifobaxsh buloqlar oldida, tog‘ hududida quriladi.
So‘nggi yillarda dam olish uchun mo‘ljallangan
kurort komplekslari ko‘plab
qurilmoqda. Dam olish shart-sharoitlariga har xil talablar qo‘yilishi munosabati bilan
kurort komplekslari tarkibiga har xil yo‘nalishdagi, shinamlik darajasi, sig‘imi,
qavatliligi ham har xil bhlgan mehmonxonalar kiritiladi.
Kurort komplekslarining asosiy fondi shinamlik darajasi, foydalanish rejimi,
sig‘imi (100-800 o‘ringa mo‘ljallangan) har xil bo‘lgan mehmonxonalarda
joylashadi. Oilalar uchun mo‘ljallangan nomerlarga ega mehmonxonalar ham
mavjud. Ba’zan bunday nomerlar alohida oshxonaga ega bir-ikki xonali kvartira
tarzida jihozlanadi. Dam olish shart-sharoitlari (shinamlik, narxlar va h.k.)ga
qo‘yilgan har xil talablar ko‘pgina madaniy komplekslar hududida kempinglar va
bungalolar qurilishiga olib keldi.
Odatda kurort komplekslarida umumiy, maishiy, tibbiy va sport xizmatlarining
katta qismi umumiy kurort muassasalari tomonidan ko‘rsatiladi. Buning uchun
umumiy kurort restoranlari, barlari, qahvaxonalari, kattalar va bolalar uchun
oshxonalar, ko‘p funksiyali zallar, kinoteatrlar, savdo korxonalari, stadionlar, sport
zallari, tennis kortlari, sport va o‘yin maydonchalari, berk va ochiq basseynlar, ot
sporti markazlari va h.k. quriladi. Plyajlarni jihozlashga, qayiq bandargohlari tashkil
etishga, suv sporti (yelkanli sport, suv chang‘isi, suv velosipedi) bilan shug‘ullanish
uchun shart-sharoitlar yaratishga, tog‘ komplekslarida – osma arqon yo‘llari va
funikulyorlar qurishga katta e’tibor beriladi.