Jelatin-glitserinli asoslar tarkibiga X DF bo’yicha: jelatina 1 qism, glitserin 5 qism va suv 2
qism kiradi. Oldingi farmakopeya bo’yicha asos tarkibida 12,5% jelatina bo’lgan. Chet el
farmakopeyalarida bu ko’rsatkich 10% (Fransiya) va 20% gacha (Vengriya) qayd qilingan.
Og’irligi yuqori bo’lgan jelatina o’zida katta barqarorlik va taranglik xossalarini namoyon qiladi.
Jelatinaning miqdori kam bo’lsa, asos massasining yumshoqligi oshadi va u tez eriydi. Glitserin
miqdorining oshishi massaning qurishiga olib keladi. Mexanik turg’unligi kam bo’lgan jelatina-
glitserinli asoslar vaginal shakldagi dorilarni tayyorlash uchun qo’llaniladi. Bu asosning afzaligi
shundan iboratki, unda dorivor moddalar yaxshi so’riladi. Jelatina-glitserinli asoslar tarkibiga
elektrolit tuzlar kiritilishi buzilishiga, ya’ni sinerezisga olib keladi. Kislota va ishqorlar jelatinali
asoslarni suyultirib yuborish xususiyatiga ega.
Sovun-glitserinli asoslar. Ulardan shamchalar tayyorlanadi va sof holda surgi dori sifatida
qo’llaniladi. Bu massaning tarkibi har xil. Glitserinli jelatinaga o’xshash X DF bo’yicha
shamchalar shunday tayyorlanadi. 60 g glitserin 2,6 g natriy karbonat kristalli suv hammomida
eritiladi, shundan keyin 5 g stearin kislotasi oz-ozdan qo’shiladi. Karbonat gazi chiqarib
yuborilgandan va sovun ko’pigi yo’qolgandan keyin massa formaga, ya’ni shaklga keltiriladi va
shunday hisob qilinadiki, har bir shamcha 3 g glitserin saqlashi kerak. Natriy karbonat va stearin
kislotalar asosan Avstriya va Polsha farmakopeyasi ko’rsatmasi bo’yicha olinadi. Boshqa davlatlar
farmakopeyasi bo’yicha (AQSH, Vengriya va Gollandiya) asosan tayyor tibbiyot sovunini
glitserin bilan eritish yo’li bilan olinadi. Tibbiyot sovunidan olinadigan asoslar oldingilar bilan
teng emas. Tibbiyot sovunining asosiy tarkibi stearat va palmitat natriydan iborat, glitserin bilan
qattiq glitsirogel olinadi. Shamcha qattiq sovunlar asosida tayyorlanadi.