|
Veterinariya akusherligi
|
bet | 48/75 | Sana | 09.10.2024 | Hajmi | 2,5 Mb. | | #274377 |
Bog'liq Akusherlik MTEchkilarda jinsiy sikl xuddi qo’ylardagidek kechadi. Echkilar ham polisiklik hayvonlar hisoblanadi. Ko’pchilik echkilarda saqlash sharoitlari va oziqlantirish yaxshi bo’lganda jinsiy mavsumiylik kuzatilmaydi. Jinsiy qo’zg’alish belgilari qo’ylarga nisbatan kuchli namoyon bo’ladi; kuyikkan echkilar takalardan alohida saqlanganda qattiq mangraydi. Jisiy siklni davomiyligi urug’lantirish yoshidagi uloqlarda 13-14 sutka atrofida bo’ladi. Jinsiy moyillik asosan vazektomiya qilingan takalar yordamida aniqlanib, 31-38, o’rtacha 35 soat (27 soatdan 44 soatgacha) davom etadi. Ovulyasiya (bir necha follikulalar yetiladi) jinsiy moyillik boshlanishidan 28-32 soatdan keyin boshlanib, 36-40 soatdan keyin tugaydi.
Biyalarda jinsiy sikl o’rtacha 20-21 sutka davom etadi. Bahor va kuz oylarida jinsiy sikl bir ma’romda kechib, jinsiy qo’zg’alish belgilari aniq namoyon bo’ladi.
Qo’zg’alish bosqichi tuqqandan keyingi 5- kunida, ko’pincha 7- 12- kunida boshlanadi. Otalanish kuzatilmaganda jinsiy sikl yil davomida takrorlanib turadi. Me’yorida jinsiy qo’zg’alish bosqichi 6-12 kun davom etadi.
Oqish fenomeni 5 kun va undan ko’p davom etadi. Qin dahlizi va qinning shilliq pardasida giperemiya kuzatilishi, shilliq pardalarning to’q-binafsha rangda, shilimshiq suyuqlik bilan qoplangan bo’lishi, jinsiy tirqishdan shilimshiq suyuqlik oqishi xarakterli bo’ladi. Dastlab, shilimshiq suyuqlik yopishqoq, yarim tiniq, keyinchalik tiniqroq, suyuqlashgan bo’lib, uzun ip shaklida osilib turadi, oqish fenomnining oxiriga borib suyuqlik loyqalashadi, Bachadon bo’yni kanali 2,5-3,5 sm ga ochiladi, bachadonning bo’yni sernam xamirsimon hosila shaklida paypaslanadi, qin qismi rozetka shaklida burtib turadi. Bachadonning tonusi pasayadi, uning shoxlari dumaloq shaklga kiradi, yumshoqlashadi. Bachadon bo’ynining ochilishi darajasi, shilliq pardalarda giperemiya kuzatilishi, jisiy tirqishdan ajralayotgan shilimshiq suyuqlikning miqdoriga ko’ra, oqish fenomenining birinchi, ikkinchi va uchinchi darajalari farqlanadi.
Ko’pchilik biyalarda jinsiy qo’zg’alish (umumiy reaksiya) fenomeni belgilari yaxshi namoyon bo’lib, chaqirish, shovqin va boshqa qo’zg’atuvchilarga nisbatan reaksiyaning kuchayishi bilan xarakterlanadi. Ishtahaning pasayishi, qashilashga qo’ymaslik, boshqa otlarga yaqinlashishga harakat qilish, minib ketayotgan kishiga buyinsinmaslik, otboqarga qarshilik ko’rsatish qayd etiladi.
Jinsiy moyillik 2-12 kun davom etadi. Yosh biyalarda odatda 4-5 sutka, emizayotgan biyalarda (o’rta yosh) - 5-7 va qarri biyalarda - 7- 12 sutka davom etadi. Jinsiy moyillik sinovchi-ayg’irlar yordamida aniqlanadi, bunda biyaning eshitish, ko’rish, hid bilish va teri-taktil ta’sirotlarga reaksiyasi e’tiborga olinadi. Jinsiy moyillik kuzatilayotgan biyada ayg’irning tovushini eshitishi bilan bezovtalanish kuzatilib, boshini balandga ko’taradi, “qo’loqlarini tik qiladi”, tovush kelayotgan tomonga qaraydi, kishnab javob qaytaradi, ba’zan dumini ko’tarib, orqa oyoqlarini keng qilib turadi, jinsiy lablar ritmik ochilib-yopilib turadi, kam-kamdan siydik ajratadi. Ayg’irni ko’rishi bilan (ko’rish sezgisi) bu simptomlar kuchayadi, biya oldingi oyoqlari bilan yer tepinib, ayg’irga tomon intiladi. Yaqinlashib kelgan ayg’irni hidlaydi (hid bilish sezgisi), tumshug’i bilan boshi va bo’yniga turtadi, unga orqa tomonini qilib turadi. Jinsiy lablarning ritmik qisqarishlari bilan bir vaqtda jinsiy tirqishdan ko’p miqdorda shilimshiq suyuqlik ajraladi (ba’zan sachrab chiqadi). Ayg’ir sakraganda biya tinch turadi.
Ovulyasiya ko’pincha jinsiy moyillik, oqish va jinsiy qo’zg’alishning aniq namoyon bo’lgan davriga to’g’ri keladi, shuningdek, yuqoridagi belgilarsiz kechishi ham mumkin (alibid, anestral yoki areaktiv jinsiy sikl). Follikula 9-35 kun davomida yetiladi. Kuz va bahor oylarida qishga nisbatan bu muddat qisqa bo’ladi.
Biyalarda follikulalar faqat ovulyasiya chuqurchasiga yoriladi. Ovulyasiya jinsiy moyillikning oxirida, asosan tunning ikkinchi yarmida (soat 2 dan ertalabki 7 gacha) kuzatiladi.
Follikulaning kattaligi uning qochon yorilishini ko’rsatuvchi mo’ljal bo’la olmaydi. Flyuktuasiyaning yaxshi sezilishi va follikula ichidagi bosimning kamayishi hamda oqish, jinsiy moyillik va umumiy jinsiy reaksiyaning kuchli namoyon bo’lishi ovulyasiyaning yaqinlashganligini ko’rsatuvchi belgilar hisoblanadi.
Biyalarda jinsiy qo’zg’alish bosqichining shakllanishi bir necha ko’rinishlarda bo’lishi mumkin. Ayrim biyalarda barcha fenomenlarning belgilari bir vaqtda hosil bo’ladi va bir vaqtda kechadi. Ba’zan ayrim fenomenlar belgilarining orasidagi interval 12 soatgacha yetadi.
Biyalarni faqatgina oqish yoki jinsiy qo’zg’alish belgilarini hisobga olib bir necha marta urug’lantirishlar ham samarasiz bo’lishi mumkin.
Tormozlanish bosqichi (2-8 sutka davom etadi) jinsiy qo’zg’alish va jinsiy moyillikning barcha belgilari qisqa vaqt davomida, oqish fenomeni belgilari esa asta-sekinlik bilan yo’qoladi. Qin dahlizi va qin tekshirilganda kamroq miqdorda loyqalangan shilimshiq suyuqlik borligi aniqlanadi. Shilliq pardalar oqarib, oqish-binafsha rangga kiradi, bachadon bo’yni kanali yopiladi, uning qin qismi kichiklashadi. To’g’ri ichak orqali tekshirilganda bachadonning konsistensiyasi qattiqlashgan, muskullarning qisqaruvchanligi tiklangan bo’ladi. Jinsiy qo’zg’alish belgilari yo’qoladi, biya yuvoshlashib, ishtahasi yaxshilanib boradi.
Biyada ayg’irga nisbatan reaksiya manfiy (otboy) bo’lib, ayg’ir unga yaqinlashganda bezovtalanadi, quloqlarini jimirib, uni tishlashga harakat qiladi, tepadi yoki undan qochadi.
Tuxumdonlarda ovulyasiyaga uchragan follikula o’rnida jinsiy sikl sariq tanasi (bo’g’ozlik bo’lganda - bo’g’ozlik sariq tanasi) rivojlanadi. Shuning uchun tuxumdon oval yoki dumaloq shaklga kiradi (14-rasm). Tuxumdon to’qimasining umumiy qattiqlashishi va sariq tanani uning markaziy qismida joylashishi tufayli sariq tana paypaslanmaydi.
Turg’unlashish bosqichi 4-17 kun davom etadi. Oqish fenomeni belgilari yo’q. Jinsiy lablar terisi taranglashgan, qin dahlizi va qinning shilliq pardasi oqimtir yoki biroz binafsha rangda, yopishqoq, yarim tiniq shilimshiq suyuqlik bilan namlangan. Bachadon bo’yni kanali yopiq, bachadon bo’ynining qin qismi yaxshi shakllangan; u qinga tomon rozetka shaklida burtib chiqib turadi. To’g’ri ichak orqali paypaslash bilan bachadon bo’ynining konturini yaxshi aniqlash mumkin. Bachadonning tanasi va shoxlari paypaslash va g’ijimlashga qisqarish bilan javob berib, uning konsistensiyasi qattiqlashadi, taranglashadi. Tuxumdonlarda voyaga yetgan follikulalar bo’lmaydi. Tuxumdonlarning kattaligi bir xilda, ba’zan farq qiladi, qattiqlashgan konsistensiyada, nuxatsimon yoki dumaloq shaklda bo’ladi. Tuxumdonlar shaklining turlicha bo’lishi follikulalarning rivojlana boshlashi yoki follikulalarning yoki shuningdek, sariq tananing atreziyasiga bog’liq bo’ladi.
|
| |