|
II. MA’RUZA MASHG’ULOTLARI
|
bet | 4/91 | Sana | 15.01.2024 | Hajmi | 426,29 Kb. | | #137797 |
Bog'liq portal.guldu.uz-Botanika (3)II. MA’RUZA MASHG’ULOTLARI
1-mavzu: Botanika faniga kirish
Asosiysavollar:
Botanika fani va uningbo’limlari. O’simliklar anatomiyasi va morfologiyasi kursining ob’ektlari va tadqiqot metodlari.
O’simliklar olamining xilma-xilligi. Avtotrof va geterotrof organizmlar, tuban va yuksak o’simliklar.
O’simliklarning hayotiy shakllari. Katta va kichik hayotiy tsikllar.
Mavzuga oid tayanch tushuncha va iboralar:
Botanika bo’limlari, o’simliklar anatomiyasi va morfologiyasi, gistologiya, tsitologiya, o’simliklar embriologiyasi, o’simliklar fiziologiyasi, o’simliklar sistematikasi, paleobotanika, fitotsenologiya, o’simliklar ekologiyasi, o’simliklar geografiyasi, ob’ekt, metod, tuban va yuksak o’simliklar, tallom, qatana, vegetativ va generativ organlar, jinssiz va jinsiy ko’payish, hayotiy shakl, hayotiy sikl.
1-savol bo’yicha dars maqsadi: Botanika o’simliklar tug’risidagi fan ekanligi, uning bo’limlari va yo’nalishlari haqida talabalarda tushinchani shakllantirish
Identiv o’quv maqsadlari:
Botanika–o’simliklarni o’rganadigan fan ekanini biladi.
Botanika fanining rivojlanish tarixi to’g’risida ma’lumot bera oladi.
Botanika fani bo’limlari va yo’nalishlari to’g’risida fikr yurita oladi.
O’simliklar anatomiyasi va morfologiyasi kursida o’rganiladigan jihatlarini tushuntira biladi.
1- savol bayoni: "Botanika" so’zi grekcha "botane" so’zidan olinib, «ko’kat, sabzavot» degan ma’noni bildiradi. Botanika o’simliklar to’g’risidagi fan bo’lib, u biologiyaning bir qismi hisoblanadi. Botanika fani o’simliklarning tuzilishi, rivojlanishi, sistematikasi, tarqalishi va ko’payishini o’rganadi.
O’simliklar tuzilishi va rivojlanishiga ko’ra har xil bo’ladi. Ular orasidabakteriyalar, suv o’tlari, tuban o’simliklar, yuqori o’simliklar, jumladan, ochiq va yopiq urug’li (gulli) o’simliklar uchraydi. Ularning ko’pchiligini yashil avtotrof organizmlar tashkil qiladi. Faqat bakteriyalar va zamburug’lar geterotrof organizmlar jumlasiga kiradi.
O’simliklar Yer sharida moddalar va energiya almashinuvini amalga oshishida, insonlarni oziq–ovqat, sanoatni xom ashyo bilan ta’minlashda hamda barcha tirik mavjudotlar hayoti uchun zarur bo’lgan kislorod gazini yetkazib berishda eng muhim rolni egallaydi.
O’simliklar to’g’risidagi dastlabki ma’lumotlar eramizdan oldingiIV asrda paydo bo’lgan. Aristotelning shogirdi Teofrast (eramiz. old. 371–286 y.y.) o’simliklar haqidagi ma’lumotlarni to’pladi va ularning dastlabki klassifikatsiyasini yaratdi. Uning "O’simliklar tabiiy tarixi" degan 10 tomli kitobida 500 ga yaqin o’simlikka ta’rif berilgan. Teofrast o’simliklarni tashqi tuzilishiga ko’ra daraxt, buta, chala buta va o’t o’simliklar kabi guruhlarga bo’ldi. U o’simliklarda ildiz, poya va barglarni, bargda esa tomirlar va et qismini ajratadi. O’simliklar ichki tuzilishida u po’stloq, yog’ochlik va o’zak borligini e’trof etadi. Uning yana bir asari "O’simliklardagi sabablar" deb nomlanib, unda o’simliklarning kelib chiqishi, rivojlanishi va ko’payishi masalalari ta’riflangan.
Antik dunyo vakili Gay Pliniy Sekund (eramizning 23–79 y.y.) ning 37 tomli «Tabiiy tarix» kitobining 12–32 tomlari o’simliklarning tuzilishi, bog’dorchilik, uzumchilik va o’simliklardan foydalanish masalalariga bag’ishlangan.
Botanika fanini rivojlantirishda o’rta asrda yashagan va jahon fani taraqqiyotiga juda katta xissa qo’shgan buyuk olim Abu Ali ibn Sinoning (980–1037 y.y.) xizmati kattadir. Ibn Sinoning "Al–Qonun fit tib" ("Tibbiyot qonunlari") nomli besh tomli asarining 2–tomida 800 ortiq dorivor o’simliklar ta’riflangan. Uning ushbu asari Yevropa universitetlarining tibbiy fakultetlarida besh asr davomida asosiy darslik sifatda o’qitilib, lotin tiliga qilingan tarjimasi XII asrda 16 marta, XVI asrda 20 marta nashr etilgan.
Italyan botanigi Andrea Tsezal’pin (1510–1603 y.y.) o’simliklar olamiga bag’ishlangan «O’simliklar to’g’risida 16 kitob» nomli asarida o’simliklarni avvalo 2 bo’limga: yog’ochli o’simliklarga (daraxt, buta) hamda chala buta va o’t o’simliklarga bo’ladi. Ularni o’z navbatida 15 sinfga ajratadi. U o’simliklarni sinflarga bo’lganda gul, meva va undagi urug’larning sonini hamda murtak tuzilishini asos qilib oladi. Mox, paporotnik, qirqbo’g’im va zamburug’larni aloxida 16–«gulsiz o’simliklar» sinfiga kiritadi.
Ingliz botanigi Jon Rey (1587–1657 y.y.) birinchi marta o’simliklar olamini sporali (yashirin nikohli) va gulli (ochik nikohli) o’simliklarga bo’lib, guli o’simliklarni o’z navbatida bir pallalilar va ikki pallalilarga ajratadi. So’ng ularni 33 sinfga bo’ladi. Jon Rey o’simliklar sistematikasiga birinchi bo’lib "tur" terminini kiritdi, ekish va madaniy o’stirish natijasida turni o’zgartirish mumkinligi to’g’risida fikr yuritadi.
Jon Reyning zamondoshi bo’lgan frantsuz botanigi Jozef Turnefor (1756–1808 y.y.) Yevropa va Osiyo bo’ylab safarda bo’lib, o’simliklar dunyosini o’rganadi. U 1694 yili «Botanika elementlari» nomli kitobini e’lon qiladi. Turnefor o’simliklarni sistemaga solishda gulqo’rg’oni tuzilishini asos qilib oladi. U tomondan tuzilgan tizim sun’iy bo’lib, o’simliklarni dastavval 15 ta, keyinchalik 18 ta sinfga ajratadi.Turnefor sistematikasida turlar to’rt kategoriyaga asosan (sinf, sektsiya, turkum va tur) joylashtirilgani uchun o’simliklarni o’rganishda ancha qulaylikka ega edi.
Botanika rivojlanishida shved olimi Karl Linney (1707–1778 y.y.) ning o’simliklar sistematikasiga binar nomenklaturani, ya’ni o’simliklarni ikki nom (turkum va tur) bilan atashni qo’llashni taklif etishi muhim ahamiyat kasb etdi. U mavjud o’simliklarni ma’lum tizimga solishga harakat qildi. Linney sistemasi changchilarning soniga va gulda qanday joylashganligiga asoslangan edi. Shu belgilarga qarab, u o’simliklar olamini 24 sinfga, ularni o’z navbatida tartib, avlod va turlarga bo’ldi. Linney sistemasi ham sun’iy sistemadir, ammo uning sistemasi Rey va Turnefor tomonidan taklif qilingan sistemalardan ancha takomillashganligi bilan ajralib turadi. U turlar o’zgarmaydi degan nuqtai nazar bilan ish olib borgan edi. Liney botanika faniga 1000 ga yaqin atamalarni kiritdi.U o’simliklarning tabiiy sistemasini yaratishga hali materiallar yetishmasligini qayd etadi.
Liney ishlaridan keyin o’simliklar sistematikasi sohasidagi ishlar ikki yo’nalishda ketdi. Olimlarning ko’pchiligi Linney sistemasiga tayangan holda yangi turlarni ta’riflay boshladilar, ayrimlari esa tabiiy sistemani yaratishga harakat qildilar. Ular orasida frantsuz olimi Antuan Loran Jyusse (1748–1836 y.y.) alohida o’rin egallaydi.U o’sha davrda ma’lum bo’lgan 20000 yaqin turni 100ta oila va 15 ta sinfga birlashtiradi.Uning «O’simliklar turkumlari» (1789) asarida birinchi marta oilalarga tavsiflar beriladi.
Botanika fanining taraqqiyotida mashhur tabiatshunos frantsuz olimi, evolyutsion ta’limotiga birinchi bo’lib asos solgan Jan Batist Lamark (1744–1829 y.y.) katta rol o’ynadi. U 1778–yilda "Fransiya florasi" degan uch tomli, 1809–yilda esa "Zoologiya falsafasi" deb nomlangan kitoblarini nashr ettirdi. Lamark o’z ta’limotida tabiiy sharoitning o’zgarishi o’simlik va hayvon organizmini o’zgartiradi, tashqi muhitning ta’siri natijasida hosil bo’lgan bu o’zgarish alomatlari nasldan–naslga o’tadi deb hisobladi va buni faktlar bilan isbotladi.
Nemis tabiatshunosi A. Gumboldt (1769–1859 y.y.) ning Amerika va Osiyo bo’ylab qilgan sayohati davomida to’plgan materiallari o’simliklar ekologiyasi va geografiyasini rivojlanishiga munosib hissa qo’shdi. Uning Amerikada to’plagan gerbariylarini taxlil qilib, fanga yangi 3000 oshiq o’simlik turlari ma’lum bo’ldi.
XVIII va X1X asrlarda o’simliklar vegetativ organlarining metamorfozi to’g’risidagi ta’limot yuzaga keldi. Bu ta’limotning asoschilari I.V. Gyote,
K.F. Volf va O.P. Dekandollardir. Ular o’z ta’limotlari bilan o’simliklar morfologiyasi yo’nalishiga asos soldilar.
Shoir va tabiatshunos Iogan Gyote (1749–1832 y.y.) 1790 yili e’lon qilgan «O’simliklar metamorfozi izohlovchi tajirbalar» nomli asarida guli o’simliklar organlari metamorfozi va tuzilishidagi umumiylikni ko’rsatadi. Gyote o’simlikning hamma organlari umumiy tuzilishga va kelib chiqishga ega bo’lib, urug’palladan to mevabarglargacha bargning metamorfozli hosilalari deb qaraydi. U o’simliklarda uchraydigan metamorfozlarni 3 ga bo’ladi: progressive–bargni gul qismlariga aylanishi, regressive–changchilarni tojibarglarga aylanishi va tasodifiy–hasharotlar bilan zararlangan barg va gul qismlaridagi shakl o’zgarishlari. Gyote botanika faniga «morfologiya» atamasini kiritadi.
Nemis olimi Kaspar Volf (1733–1794 y.y.) «Yaratilish nazariyasi» (1759) asarida o’simlikning hamma organlari, poyadan tashqari, shakli o’zgargan barglardir deb e’tirof etadi.
Jenevalik olim Ogyusten Piram Dekandol (1778–1841 y.y.) o’zining «Elementar botanika nazariyasi» (1813) va «O’simlik organografiyasi» (1827) asarlarida Gyote qarashlarini rivojlantirib, gul qismlari shakli o’zgargan barglar, gul esa shakli o’zgargan va qisqargan poya deb hisoblaydi. U o’simliklar olamini vegetativ organlariga qarab ikki katta bo’limga: naychali va naychasiz o’simliklarga bo’ldi. Naychali o’simliklarni esa bir pallali va ikki pallali sinflarga ajratdi. Naychasizlarga faqat hujayradan iborat bo’lgan o’simliklarni kiritib, ularni ham ikki sinfga: barglilar (moxlar) va bargsizlar (lishayniklar, zamburug’lar va suvo’tlar) sinflariga bo’ladi.
Italiyalik M. Malpigi (1628–1694 y.y.) va ingliz olimi N.Gryu (1628–1711 y.y.) o’simliklar ildiz va poyalarini mikroskopik tuzilishini o’rganib, o’z ishlarini natijasini 1671 yili «O’simliklar anatomiyasi» nomi bilan e’lon qildilar. Ular botanikaning yangi yo’nalishi–o’simliklar anatomiyasiga asos soldilar. Malpigi o’simlik to’qimasi hujayra va tolalardan iboratligini rasmlari bilan keltiradi. Gryu botanika faniga «to’qima va parenxima » atamalarini kiritadi.
Ingliz botanigi R. Broun (1773–1858 y.y.) birinchi marta o’simlik urug’kurtagini tuzilishni bayon etadi. 1823 yili italyan olimi D.B.Amichi semizo’tlar vakillaridan birining gulini o’rgana turib, urug’chi tumshuqchasida changni o’sishi va chang naychasining urug’kurtakning mikropile qismi orqali urug’kurtak ichiga kirishini aniqlaydi. U 1842 yili orxideya o’simligi murtak xaltasida tuxum hujayrasi borligini etirof etadi. 1883 yili rus olimi I.N. Gorojankin qarag’aylarda, 1894 yili E. Strasburger boshqa yopiq urug’li o’simliklarda urug’lanish jarayonini kuzatdilar. Kiev davlat universitetining professori
S.G. Navashin (1857–1930 y.y.) birinchi bo’lib 1898–yilda gulli o’simliklarda qo’sh urug’lanish hodisasini kashf etdi.
Ingliz olimi Charl’z Darvinning (1809–1882 y.y.) "Tabiiy tanlanish yo’li bilan turlarning paydo bo’lishi" (1859) degan mashhur asarining bosilib chiqishi biologiya fanida katta voqea bo’ldi. Darvin nazariyasining asosiy g’oyasi–tabiiy tanlanish haqidagi ta’limotdir. U tabiatda moslashgan turlarning saqlanib qolishi, moslashmagan turlarning halok bo’lib ketishini isbotlab berdi.
Peterburg universitetining professori A.N. Beketov (1825–1902 y.y.) botanikadan bir necha qo’llanmalar yozib, Ch.Darvinning evolyutsion ta’limotini rivojlantirishda katta hissa qo’shgan olimlardan hisoblanadi.
Rus olimi K.A. Timiryazev (1843–1920 y.y.) o’simliklarda bo’ladigan fotosintezni batafsil o’rganib, bu sohada klassik asarlar yozib qoldirdi. U keng doirali mutaxassis bo’lib, darvinizmning Rossiyadagi faol targ’ibotchisi edi. Moskva davlat universitetining professori I.N. Gorojankin (1848–1904 y.y.) o’simliklar morfologiyasi sohasida chuqur iz qoldiruvchi asarlar yaratdi. U ikki hujayrani birlashtirib turuvchi plazmodesmalarni hamda gulli o’simliklarni spermiy chang naychasidan chiqib, tuxum hujayrani urug’lantirish holatini birinchi bo’lib asoslab berdi.
M.I. Golenkin (1864–1941 y.y.) ning fikricha bo’r davriga kelib yopiq urug’li o’simliklarning yer yuziga keng tarqalishining asosiy sababi quyosh nurining yer yuziga ko’proq tushishi va iqlimining qurg’oqchilik tomonga o’zgarishidir.
O’simliklarning hujayraviy tuzilishini tatqiq etish XVI asrdan boshlanadi.
1665 yilda ingliz fizigi Robert Guk (1635–1703 y.y.) biologik ob’ektlarini tekshirish uchun birinchi bo’lib mikroskopni tadbiq qildi va hujayrani kashf etadi. R. Guk daraxt po’stlog’i (probka) ning kesmalarini ko’zdan kechirar ekan, unda ari uyalariga o’xshab ketadigan mayda-mayda bo’shliqlarni ko’radi va ularni cellula (katak, uyacha) deb atadi. Ma’lum vaqtdan keyin R.Gukning kashfiyoti biologlar orasida katta qiziqish uyg’otdi. Turli mamlakatlarning olimlari har xil o’simlik to’qimalarining mikroskopik tuzilishini tekshira boshladilar. M.Malpigi (1675 y.) va N.Gryu (1682 y.) lar tomonidan bir xil nomda e’lon qilingan mashxur «O’simliklar anatomiyasi» kitobida olimlar o’simliklar barglari, poyalari va ildizlarining hujayraviy tuzilishi, hujayra po’stining o’ziga xos strukturasi to’g’risida batafsil ma’lumotlarni keltirgan. 1831 yil R. Broun (1773–1858 y.y.) o’simlik hujayrasida yadro bo’lishini aniqladi. O’simlik to’qimalarining hujayralardan tuzilganligini isbotlashda nemis botanigi M. Shleydenning (1804–1881y.y.) ishlari katta ahamiyatga ega bo’ldi. Uning "O’simliklar rivojlanishi haqidagi ma’lumotlar" nomli 1838 yili e’lon qilgan asarida o’simlikning hujayralardan tuzilishi haqida batafsil to’xtaladi.
Nemis zoologi Teodor Shvann (1810–1882 y.y.) ning 1839 yilda "Hayvon va o’simliklarning tuzilishi hamda o’sishidagi o’xshashlik ustida mikroskopik tekshiruvlar" nomli asari mana yuqoridagi ishlarning nihoyasi bo’ldi. Bu asarda tirik organizmlarning tuzilishiga oid umumbiologik nazariya–hujayra nazariyasi birinchi marta ta’riflab berilgan edi.
O’sha davrda A.S. Famitsin (1835–1918 y.y.) o’simlik hujayrasini kelib chiqishi to’g’risidagi fikrlarini bildiradi. Bu fikr keyinchalik K.S.Merejkovskiy tomonidan rivojlantirilib, 1909 yili simbiogenez nazariyasi sifatida fanga kiritildi. Bu nazariyaga asosan o’simlik hujayrasi murakkab simbioz organizm bo’lib, u sodda bir xujayrali organizmlarning o’zaro simbioz holda yashashga o’tganidan paydo bo’lgan deb qaraydi.
1892 yili rus olimi D.I.Ivanovskiy viruslarni kashf qildi. Viruslar o’lchami 20–250 nm teng bo’lib, hujayra ichida parazitlik qilib yashaydi. Ayrim viruslar bakteriyalarda parazitlik qilib kun ko’radi. Ular bakteriofaglar deb ataladi.
1930 yillarda elektron mikroskopning yaratilishi hujayrani o’rganishda yangi davrni boshlab berdi. O’simlik hujayralarining ultrastrukturaviy tuzilishini tadqiq qilish imkoniyatlari yaratildi.
XX asr davomida sobiq Ittifoq olimlari tomonidan qator tadqiqotlar amalga oshirilgan. I.G. Serebryakovning o’simliklar ekologik morfologiyasi,
V.G. Aleksandrov va V.K.Vasilevskayalarning o’simliklar ekologik anatomiyasi, N.I.Kaden va R.E. Levinalarning karpologiya, A.L. Taxtyajanning evolyutsion morfologiya va sistematika, M.S.Yakovlev, V.A.Poddubnaya–Arnoldi,
T.B.Batigina, E.S.Terexinlarning o’simliklar embriologiyasi sohasidagi xizmatlari katta bo’ldi.
O’rta Osiyoning boy va xilma-xil o’simliklar dunyosi o’rta asrlardan boshlaboq ko’pchilik tadqiqotchilarni o’ziga maftun etgan. O’sha davrning yirik olimlaridan Abu Ali ibn Sino o’lkaning dorivor o’simliklaridan keng foydalangan.
O’rta Osiyo florasini o’rganish XIX asrning ikkinchi yarmidan keyin boshlandi. O’rta Osiyoning taniqli olimlari P.P.Semenov–Tyanshanskiy,
N.A.Severtsov, A.P.Fedchenko, V.A.Poleskiy va boshqalar hisoblanib, ular o’lkaning ayrim regionlari florasini o’rganishda juda katta xissa qo’shdilar. O’rta Osiyo Davlat Universiteti tashkil etilishi munosabati bilan Toshkentga boshqa olimlar qatorida M.P.Popov, M.V.Kultiasov, E.P.Korovin, N.D.Leonov,
P.A. Baranov, I.A.Raykova kabi botaniklar ham kelishdi. O’sha vaqtdagi botanik tadqiqotlar O’rta Osiyo universitetining kafedralarida, tuproqshunoslik va geobotanika, biologiya instituti va botanika bog’ida olib borildi.
Botanika fanining O’zbekistondagi keyingi taraqiyotida o’zbek olimlaridan akademiklar J.K. Saidov (o’simliklar anatomiyasi), Q.Z. Zokirov (o’simliklar sistematikasi), A. Muzaffarov (algologiya), F.N. Rusanov (o’simliklar introduktsiyasi) va qator olimlar (O.A.Ashurmetov, A.A. Butnik, J.Yu. Tursunov, P.Q.Zokirov, O’.P. Pratov, I.V. Belolipov, O.X.Hasanov, Q.X.Xojimatov,
J.X.Xo’jaev, A. Sheraliev, T. Raximova va boshqalar) o’zlarining munosib hissalarini qo’shdilar.
Botanika fanining rivojlanishi hozirgi kunda bir tomondan o’simliklarni har tamonlama o’rganish tufayli ko’pgina yangi, mustaqil bo’limlarni ajralib chiqishiga sababchi bo’lgan bo’lsa, ikkinchi tomondan botanikaga matematik modellashtirish, statistika, axborot texnologiyasi va shunga o’xshash fanlarning kirib kelishi yangi zamonaviy yo’nalishlarni kelib chiqishiga zamin yaratdi. Hozirgi kunda botanika fanining qo’yidagi bo’limlari ajratiladi:
O’simliklar morfologiyasi o’simlik organizmlarning tashqi va ichki tuzilishini oddiy ko’z bilan yoki maxsus asboblar (lupalar, yorug’lik va elektron mikroskoplar) yordamida tadqiq etadi. O’simliklar morfologiyasi o’simlikning barcha organlari tuzilishini individual (ontogenetik) va evolyutsion (filogenetik) nuqtai nazardan o’rganadi. Buning uchun botanikaning kuzatish, tasvirlash va taqqoslash kabi eng muxim metodlaridan foydalanadi.
O’simliklar morfologiyasi botanikaning qolgan barcha bo’limlari ichida dastlabki shakllangan va asosiy bo’lim hisoblanadi. Shuning uchun ham botanikani o’rganish o’simliklar morfologiyasidan boshlanadi. O’simliklar morfologiyasi o’z navbatida bir necha yo’nalishlarni birlashtiradi: o’simlik hujayrasini o’rganuvchi -sitologiya, to’qimalarni o’rganuvchi–gistologiya hamda o’simlik organlarining ichki tuzilishi o’rganuvchi–o’simliklaranatomiyasikurslariga ajratiladi.
O’simliklar anatomiyasi kursida to’qima va hujayralar tuzilishini o’rganishda mikroskop va lupalardan foydalaniladi. O’simliklar anatomiyasi kursining yana bir tarkibiy qismi sifatida keyingi vaqtda o’simliklar gistoximiyasiajralib chiqdi. U to’qima va hujayralarda turli moddalarning to’planishi va uchrashini mikroskopda yoki maxsus ximiyaviy reaktsiyalar yordamida aniqlaydi.
Botanikaning maxsus bir bo’limi–o’simliklar embriologiyasidir. U embrion (murtak)ning paydo bo’lishi hamda o’simliklar ontogenezining boshlang’ich rivojlanish bosqichlarini o’rganadi. U ham mikroskopiya metodidan keng foydalaniladi.
O’simliklar fiziologiyasi o’simliklardagi hayot jarayonlarini (moddalar almashinuvi, o’sish va rivojlanish) o’rganadi. Bu bo’lim tajriba xarakteriga ega bo’lib, fizika va ximiya fanlari uslublaridan keng foydalanadi. O’simliklar fiziologiyasidan mustaqil yo’nalish sifatidao’simliklar bioximiyasiajralib chiqadi.
O’simliklar sistematikasi mavjud turlarni u yoki bu belgilariga ko’ra ma’lum taksonomik guruhlariga–tur, turkum, oila, tartib, sinf va bo’limlariga kirish va maxsus tizimga solish uchun xizmat qiladi. O’simliklarni sistemaga solish o’simlikni o’rganuvchilar uchun qulaylik tug’diradi. O’simliklar sistematikasining yana muhim bir vazifasi o’simliklar dunyosining tadrijiy rivojlanish yo’llarini tiklashdir. O’simliklar dunyosining kelib chiqish yo’llarini aniqlashda paleobotanika yordam beradi. U qadimgi geologik davrlarda yo’qolib ketgan o’simlik turlarini bizgacha yetib kelgan va jinslarida saqlangan izlari yoki toshga aylangan nusxalarini o’rganadi.
Fitotsenologiya o’simliklar jamoalari, ya’ni fitotsenozlarni o’rganadi. Fitotsenozlar ma’lum tabiiy–tarixiy sharoitdan kelib chiqqan biror hududda birgalikda yashaydigan o’simlik turlari jamoasidir. Fitotsenozlar ma’lum tuzilishga, barqarorlikka va tabiatda qonuniy ravishda takrorlanib turadigan holatlarni hosil qilish hususiyatiga egadir.
O’simliklar ekologiyasi o’simliklarning tashqi muxit sharoiti bilan o’zaro munosabatini o’rganadigan fan hisoblanadi. U tashqi muxitning o’simliklarning tuzilishi va hayot jarayonlariga ta’sirini tekshiradi. Har qanday o’simlikning ma’lum muxit sharoitida yashashi uzoq tarixiy moslashishlarning natijasi hisoblanadi. Shuning uchun ham uning tuzilishi va hayotini tevarak–atrofdagi tabiatning hususiyatlari bilan taqqoslash orqali bilib olish mumkin. Botanikaning barcha bo’limlari ham ekologik harakteriga ega. Shunga ko’ra ekologik morfologiya, ekologik anatomiya, ekologik fiziologiya, ekologik karpologiya va boshqalar farq qilinadi. O’simliklar ekologiyasi fani dala kuzatish, tasvirlash va tajriba uslublaridan keng foydalanadi.
O’simliklar geografiyasi o’simlik turlari va fitotsenozlarning yer yuzida tarqalishini o’rganadi.
Yuqorida sanab o’tilganlar botanika fanining asosiy bo’limlaridir. Bulardan tashqari algologiya, mikologiya, dendrologiya, o’simliklar introduksiyasi, o’simliklar genetikasi, o’simliklar reproduktiv biologiyasi, antekologiya, palinologiya, karpologiya va boshqa bir qancha bo’limlarni sanab o’tish mumkin.
|
| |